KUN.UZ tahririyatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani, Qirqqizobod ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi bir guruh vatandoshlarimizdan murojaat kelib tushdi.

Unda aholining 4-son davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabini boshqa binoga ko‘chirib yuborilishidan norozi ekani yozilgan edi.

Vaziyatni o‘rganish uchun Qirqqizobodga borib, murojaat qilgan ota-onalar bilan 4-son maktab binosida uchrashdik, ularning fikrini o‘rgandik. Yig‘ilishda 30 nafardan ortiq o‘quvchining ota-onasi ishtirok etdi.

Qirqqizobodda joylashgan 4-son davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabida o‘zbek tili chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladi. Ayni paytda 14ta sinf mavjud bo‘lib, jami 355 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Maktabda 12ta sinf xonasi mavjud.

Maktab eski bolalar bog‘chasi (maktabgacha ta'lim muassasasi) binosida 22 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yaqinda mahalliy hokimiyat tomonidan 4-son maktabni shu hududda joylashgan 16-son umumta'lim o‘rta maktabi binosining bir qismiga ko‘chirilishi haqida e'lon qilingan. Maktab xodimlari va ota-onalarning bir guruhi esa bundan norozi bo‘lishmoqda.

4-son davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi ta'lim-tarbiya jarayonining namunali tashkil qilingani bilan tumanda obro‘ qozongan. Bu maktabni tugatgan o‘quvchilarning barchasi akademik litseylarga imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan holda qabul qilinmoqda, ko‘pchiligi esa oliy ta'lim dargohlariga o‘qishga kirgan.

Nima uchun ota-onalar maktabning ko‘chirilishiga qarshi?

Ota-onalar qo‘mitasi raisi Bahodir Sodiqov fikriga ko‘ra, 4-maktabda yaratilgan sharoitlar 16-maktab binosida mavjud emas, shu tufayli ular maktabning ko‘chirilishiga qarshi.

«Maktabimizda yaratilgan sharoitlarni boshqa yerda ko‘rmaysiz. Bu yerdagi xodimlarning bilimi, saviyasi ham yuqori. O‘quvchilarga qo‘yilayotgan talablar ham yuqori darajada, shunga yarasha, bolalarimizning bilimi boshqa maktab o‘quvchilarinikidan yaxshiroq. Boshqa maktablarda o‘quvchilarga qo‘yilayotgan talablar yuqori emasligini ko‘ramiz. Mana 16-maktabga ko‘chirilishi haqida gap-so‘zlar bor. Ammo u yerda sharoit yaxshi emas, qishda gaz yo‘q, bolalar sovuqda o‘tirganini ko‘rganmiz. 4-son maktabimizda esa 2ta gaz va 2ta ko‘mir kotyoli bor. Qishda bolalar issiq xonalarda ta'lim oladi».