O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 iyul kuni g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Joriy yil 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda 5 iyuldan 5 sentabrga qadar «hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi» e'lon qilingan edi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
O‘tgan vaqtda g‘o‘za rivojining kechikishi bartaraf etilmagani, hali ham 8-10 kunga, ba'zi joylarda 12-15 kunga ortda qolish kuzatilayotgani ta'kidlandi. Ayrim tumanlarda paxta o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, muhim agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilmagani, g‘o‘za chanqatib qo‘yilib, bu hosil yo‘qolishiga olib kelayotgani tanqid qilindi.
Qishloq xo‘jaligidagi vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tumanlar rahbarlariga tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, g‘o‘zani chanqatmay, qator oralariga ishlov berish, kultivatorlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Yana bir muammo bu yil g‘o‘za zararkunandalari va hasharotlari ko‘payganidir. Olimlarning aniqlashicha, birgina ko‘sak qurti kapalagining qishdan chiqish darajasi 76 foizni tashkil etmoqda. Bu oxirgi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
«Hasharotlarning qishdan chiqish darajasi 50 foiz bo‘lganda favqulodda holat deb baholanadi. Bu yil esa hasharot 1,5 barobar ko‘p. Bundan barcha rahbarlar tegishli xulosa chiqarishi, ayniqsa, fermerlar o‘z hosili uchun mas'uliyatni kuchaytirishi shart», degan davlat rahbari.
Zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil qilish, g‘o‘zaga ilmiy yondashuv asosida kimyoviy ishlov berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda g‘o‘zani sug‘orish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Suvdan maqsadli foydalanish, g‘o‘za maydonlarini sug‘orish jadvalini ishlab chiqish, uzoqdagi fermer xo‘jaligi dalasigacha suv yetib borishini ta'minlash, «sharbat» usulida sug‘orishni tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


















