O‘zbekiston | 18:41 / 03.08.2018
10844
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim muassasalariga ijodiy imtihonlar qanday o‘tkaziladi?

Foto: TTeSI

Vazirlar Mahkamasining 27.07.2018 yildagi 588-son qarori bilan Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozyapti Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 16.11.2017 yildagi PQ-3389-son qaroriga binoan 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'limning 17 yo‘nalishi bo‘yicha kirish testlari bekor qilindi. Buning o‘rniga kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Ular abituriyentlarda o‘qish va keyinchalik bakalavriatning tanlangan yo‘nalishi bo‘yicha ishlash imkoniyatini aniqlash, ularning fanlar bo‘yicha bilimlarini, malakasini, kasbiy ko‘nikmalarini, ijodiy va jismoniy qobiliyatlarini baholashga qaratilgan. Bunda imtihonlar bir nechta fanlar bo‘yicha o‘tkazilishi mumkin.
 
Qabul qilingan hujjatda belgilanishicha, kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha qabul yo‘nalishlari har yili Ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan  belgilanadi. Tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan yuqori turuvchi tashkilotlar tegishli takliflarni Davlat komissiyasiga kiritadi.  Bunga Prezidentning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin 2 hafta muddatda ulgurish talab etiladi.
 
Qabul komissiyasi kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazilishidan kamida bir oy oldin abituriyentlar e'tiboriga imtihon dasturlari, baholash mezonlari, maslahatlar va imtihonlar jadvalini yetkazishi shart. Imtihonlarning o‘zi 25 iyuldan 10 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkaziladi. Ularni 3 kishidan kam bo‘lmagan tarkibda tajribali, malakali va mas'uliyatli pedagog xodimlardan shakllantirilgan imtihon komissiyalari o‘tkazadi. Abituriyentlarning har bir guruhiga, qoida tariqasida 2 nafardan kuzatuvchilar biriktiriladi.
 
Imtihonga ajratiladigan vaqt kirish sinovlari dasturiga muvofiq qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Abituriyentlarni baholash kollegial tartibda amalga oshiriladi (sport va jismoniy tarbiya yo‘nalishlari bundan mustasno). Ya'ni komissiyaning har bir a'zosi mustaqil ravishda baholaydi, shundan keyin o‘rtacha ball chiqariladi.
 
Bunda to‘plamdagi 3 ta fanning har biri eng yuqori ballning 0 dan 100%gacha bo‘lgan diapazonida alohida-alohida baholanadi, u fanning to‘plamdagi joyiga bog‘liq, umumiy eng yuqori ball esa 189,0 ballni tashkil etadi:

• 1-fan – 93 ballgacha;
• 2-fan – 63 ballgacha;
• 3- fan – 33 ballgacha.
 
Imtihon amaliy ish shaklida o‘tkazilganda kuzatuvchilar ishlarni titul varag‘i yordamida shifrlaydi va ularni tekshirish uchun imtihon komissiyasi raisiga beradi. Ishlarni shifrlash va tekshirish maxsus ajratilgan xonada amalga oshiriladi.
 
Har bir fan bo‘yicha imtihon natijalari 1-3 kun muddatda oliy ta'lim muassasasining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi kerak.
 
Hujjat 1.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid