Yaponiya ta'lim tizimi dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan ilg‘or fikrli kadrlarni yetishtirish oson bo‘lmagan, albatta. Bunga bir qancha omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, o‘qituvchilarga yuqori oylik maosh, izzat-ikrom (kunchiqar mamlakatda o‘qituvchilarga alohida ehtirom ko‘rsatiladi), boy moddiy-texnik baza, qat'iy intizom va vatanparvarlik hissi.

Bular asosiy omillar qatoriga kiradi. Ammo ushbu omillarga poydevor bo‘lgan boshqa sabablarga ham e'tibor qaratish lozim. Birgina misol: yapon boshlang‘ich maktablarida o‘quvchilarning tushlik qilishiga katta ahamiyat beriladi. Hatto, Japanese School Lunch (1954 yilda) maxsus dasturi ham tuzilgan.

Unda bolalar qanday oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishlari aniq belgilab qo‘yilgan. Dasturda sut va sut mahsulotlari juda muhim o‘rin tutadi. Bolalarni foydali va to‘yimli ovqat bilan ta'minlash maqsadida maktab shifokori va oshpaz maxsus taomlar ro‘yxatini tuzib chiqishadi. 45 daqiqalik tanaffusda o‘quvchilar sinfxonaning o‘zida ovqatlanishadi. Bu ancha vaqtni tejaydi. Eng qiziq va ahamiyatli jihati shundaki, bolalar maktab hovlisida yetishtirgan poliz ekinlaridan taom tayyorlanadi. O‘quvchilar mehnatsevarlikka, tabiatni asrash, uning ne'matlarini uvol qilmaslikka o‘rgatiladi.

Bizda-chi? Ahvol qanday? Xalq ta'limi tizimi maktab o‘quvchilarining tushlik qilishiga qay darajada e'tibor bermoqda? Tizimda qanday yutuq va kamchiliklar bor? Haqiqiy vaziyatni o‘rganib chiqish uchun o‘qituvchilar, ota-onalar, shifokorlar bilan suhbat o‘tkazdik, xilma-xil fikrlarni eshitdik, foydali takliflar ham bildirildi. 

Toshkent shahar Uchtepa tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi maktab-bog‘cha bo‘limi katta hamshirasi Gulnora Ziyoyeva:

«Biz maktablarda bolalar sog‘lig‘ini nazorat qilamiz. Nima uchun bolalar juda nimjon, degan savol qo‘yiladi. Ular kunning ko‘p qismini maktab binosida o‘tkazishadi, aqliy mehnat bilan shug‘ullanishadi. Natijada bola organizmi toliqadi, to‘yimli oziq-ovqatga ehtiyoj sezadi. Hozirgi paytda hamma maktablarda ham oshxonalar talabga javob bermaydi, afsuski. Issiq ovqat o‘rniga yengil hazm bo‘ladigan, quruq bulochka, fast-fud, gazli ichimliklar sotiladi. Maktab oshxonasi oshpazlaridan buning sababini so‘raganimda, talabdan kelib chiqib ushbu mahsulotlarni sotishayotganini aytishadi. Ko‘plab maktablarda aniq reja, chora-tadbirlar majmui yo‘q. Bu muammoni hal qilish uchun bir nechta takliflarim bor. Birinchidan, malakali oshpazlar va diyetolog-shifokorlar guruhi shakllantirilib, respublika umumta'lim maktablari uchun yagona