Jamiyat | 18:55 / 03.08.2018
13979
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ichimlik suvi narxini oshirish taklif etildi

Foto: rk.karelia.ru

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida ichimlik suvini asrash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Ichimlik suvining narxini tabiiy gazdan ham qimmatroq qilib qo‘yishni taklif qilgan bo‘lardik. Pulini to‘layapman-ku, deb xohlaganicha isrof qilayotganlarni yoz kunlari haddan ziyod ko‘p ko‘ryapmiz. Ayniqsa, hovlilarda yashovchi fuqarolar ichimlik suvini shunchaki ko‘chaga sepib, hamma yerni salqinlashtirish evaziga juda ko‘p miqdordagi toza ichimlik suvini uvol qilmoqda. Ha desa, arzimagan pul-ku, - deb qo‘yishadi”, - deya yozadi murojaat muallifi.

Oxirgi ko‘rsatgichlarga qarab hisoblasak, ichimlik suvi uchun eng arzon narx 1 m3 = 345 so‘m bo‘lsa, shu narxni bir necha barobargacha, 1 m3 uchun 2000 so‘mgacha yoki undanda qimmatroq qilsak, balki aholimiz ichimlik suvini uvol qilishmasmidi. Suvni asrashda yana boshqacha yo‘llari bordir, ammo bu eng samarali yo‘llardan biri. Bu orqali “Suvsoz”da ishlaydigan xodimlarning maoshi oshirilgach, ular ham sifatli xizmat ko‘rsatadi deb hisoblaymiz. Ularning hozirgi sifatsiz xizmatlaridan fuqarolarni qoniqtirmaydi. Ulardagi traktor va xizmat mashinalari, asbob uskunalari ma'nan eskirgan, juda achinarli ahvolda, deyiladi murojaatda.

“Dunyoda ichimlik suviga talab kun sayin keskin ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham ichimlik suvini asrash, unumli foydalanish choralarini ko‘rish lozim. Shu sababdan, ichimlik suvi narxini bosqichma-bosqich, hududlar sharoitidan kelib chiqib oshirishni va aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishni muammoga yechim sifatida taklif qilamiz”, - deya yakunlanadi petitsiya.

Mavzuga oid