O‘zbekiston MDH mamlakatlari o‘rtasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi loyihasini yaratish bo‘yicha ishchi guruhi faoliyatida qatnashadi. Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati shu haqda xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligida idoralararo ishchi guruhi tashkil etildi. Ishchi guruhi tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya, Iqtisodiyot, Adliya, Tashqi ishlar, Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi, Markaziy bank, Avtomobil transporti agentligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tashkilotlaridan iborat.

Bitim loyihasiga ko‘ra, MDH ishtirokchi-davlatlarining tashkilotlari, kompaniyalari va idoralari uchun bitimda qayd etilgan shartlarga asoslangan holda o‘zaro xizmatlar bozoriga erkin kirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Hujjat barcha xizmatlarni, jumladan moliya, bank, transport, ta'lim, sug‘urta va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga oladi, davlat xaridlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar bundan mustasno. Shuningdek, bitim loyihasida yuridik shaxslarning boshqa davlatlarda tashkil etilishi, filiallar, vakolatxonalarni ochish tartibi va ularning investitsion faoliyati tartibi belgilab o‘tiladi.

Bitim loyihasi bo‘yicha 2012 yildan ish boshlangan va 2011 yil 18 oktabr kuni qabul qilingan Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitim ishtirokchi-davlatlarining (Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston va Armaniston) vakillari tarkibida MDH ijroiya qo‘mitasida ishchi guruh tashkil qilingan.

«MDH mamlakatlari o‘rtasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi nafaqat mehnat resurslarining erkin almashinuvi, balki bir MDH davlati fuqarolarining hamdo‘stlikning boshqa davlatlariga investitsiya kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ushbu investitsiyalarning himoyasini ta'minlab berish uchun zamin yaratadi,» – deb ta'kidladi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.

Xizmatlar sohasining ahamiyati juda katta. MDH davlatlari yalpi ichki mahsulotining o‘rtacha 50-65 foizigacha xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, xizmatlar bilan savdo qilish mahsulotlar savdosidan ko‘ra tashqi ta'sirlarga ancha kamroq bog‘liqdir. Misol uchun, odatda inqiroz paytlarida mahsulotlar savdo hajmi pasayadi, xizmatlar savdosi esa faqatgina o‘sish sur'ati pasayishi bilan cheklanib qoladi.