O‘zbekiston | 13:09 / 07.08.2018
18703
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar oldi-sotdi shartnomalarini notariusda rasmiylashtirishni yanada soddalashtirish taklif etildi

Foto: Depositphotos

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida avtomobillarning oldi-sotdi shartnomalarini notariusda rasmiylashtirishni yanada soddalashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Bildirilishicha, hozirgi kunda fuqarolar yangi bo‘lmagan avtomobillarni sotishda va xarid qilishda majburiy ravishda notariuslarga borishga majbur bo‘lishmoqda. Hammaga ma'lumki, bugungi kunda mavjud notarial idoralar kamligi sababli, oldi-sotdi shartnomalarni rasmiylashtirish ko‘p vaqtni olmoqda. Yangi bo‘lmagan avtomobillarning oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish va Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida ro‘yxatga olishdagi to‘lovlar qimmatdir. Shu sababli avtomobillarni oldi-sotdi shartnomalarini notariusda rasmiylashtirishni bekor qilish lozim. 

Dunyoning ko‘pgina davlatlarida avtomobillarni oldi-sotdi va ro‘yxatga qo‘yish jarayonlari soddalashtirilgan. Masalan, yangi bo‘lmagan avtomobillarni sotishda fuqarolar o‘zaro oldi-sotdi shartnomasini tuzib imzolashadi. Shundan so‘ng, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida xarid qilingan avtomobilni ro‘yxatga qo‘yishadi. Bundan tashqari, ushbu davlat xizmatlari fuqarolar uchun arzon narxlarda ko‘rsatiladi, deyiladi murojaatda.

“Shu sababdan, yangi bo‘lmagan avtomobillarni oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishni soddalashtirish va Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida ro‘yxatga olishdagi to‘lovlarni ham arzon qilish lozim”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid