Amerika — sehrli diyor. Bu jumla xammamizga birdek tanish va yoqimli. Haqiqatan ham Amerika sehrlimi? Amerika sehrli emas. Joduli ham emas. Ayni paytda Amerika betakror va ulug‘vor ekanligi haqiqat. KUN.UZ Amerikadan muxlislar uchun fotoreportaj tayyorladi.

Chikago Amerikaning Illinoys shtatida joylashgan bo‘lib, shahar yirik biznes va moliya markazi. Uning aholisi deyarli 2 million 800 ming kishini tashkil etadi. Shahar aglomeratsiyasi hududida esa 10 million aholi istiqomat qiladi.


Chikagoning diqqatga sazovor joylari bisyor, u o‘zining ulkan va osmono‘par binolari bilan Amerika timsoliga aylangan. Chikagoliklar xaqiqiy amerikacha hayot kechirishadi. Axir ular AQShning yuragida istiqomat qilishmoqda. Chikago shiddat va qaynoq hayot tarziga ega bo‘lsa-da, tirbandlik juda kam. Shahar va odamlar soat miliday mehnat qilishadi.



Barchamizga ma'lum Michigan avenyusi Chikagoning markazida joylashgan. U yerda, asosan, biznes markazlari, restoranlar, gipermarketlar, mehmonxonalar, turli haykallar joylashgan; ko‘chalar shahar mehmonlarini hayratga sola oladi. Misol uchun, viqorli Tramp Tower binosi ham aynan Michigan avenyusida. Shohko‘chada yana turli qobiliyat egalarini o‘z san'atini namoyon etishiga ko‘zingiz tushadi. Bu ham o‘zgacha betakror lahzalardir.




































