O‘zbekiston | 08:51 / 09.08.2018
5768
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi

Foto: desktopbackground

Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasi, Kontseptsiyani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Quyidagilar konsepsiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekistonda axborotlashgan jamiyatni jadal shakllantirish, Internet tarmog‘ini fuqarolar, jamiyat hamda davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda ularning barqaror ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ma'lumotlar bilan boyitish, global virtual makonda milliy axborot mahsulotlarini keng tarqatish;

aholi bilan muloqotning va ikki tomonlama aloqaning faol va samarali shakllarini joriy etish, ayniqsa, qarorlar qabul qilishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan barqaror, rejali hamda reprezentativ axborot-kommunikatsiya aloqalarini ta'minlash;

davlat boshqaruvi tizimiga, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga, aholining kundalik hayotiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha keng miqyosli ishlarni izchil davom ettirish va ularni yangi bosqichga olib chiqish;

O‘zbekiston hamda uning iqtisodiyoti, ijtimoiy va gumanitar sohalarda zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni biznes tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida amalga oshirishning tashkiliy- huquqiy sharoitlarini yaxshilash;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makondagi ishtirokini, aholining axborotdan va raqamli texnologiyalardan foydalanish madaniyatini rivojlantirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar hamda ishlanmalarni ko‘paytirish, sohada kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

xalqaro axborot makonida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, mamlakatning milliy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

kichik biznes vakillari va aholining raqamli iqtisodiyot makonini shakllantirishdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va ularning raqamli texnologiyalardan keng foydalanish samaradorligiga ishonchini oshirishga qaratilgan tashkiliy shart-sharoitlar yaratish va uning huquqiy asoslarini mustahkamlash;

virtual makondagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qonun hujjatlarini takomillashtirish, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, jamiyat va davlat faoliyatida raqamli texnologiyalarni, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, davlat axborot tizimlari va resurslarini, shuningdek, Internet milliy segmentining axborot xavfsizligini ta'minlash.

Kontseptsiya quyidagi asosiy tamoyillarga tayanadi:

inson huquqlarining ustuvorligi;
qonuniylik;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi;
ikki tomonlama aloqa;
ijtimoiy yo‘naltirilganlik;
axborot makonining birligi;
tizimlilik;
axborotni himoya qilish.

Quyidagilar konsepsiyani amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

a) axborotlashgan jamiyatni jadal shakllantirish.
b) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan barqaror, tizimli muloqotini ta'minlash va axborot-kommunikativ aloqalarini kuchaytirish.
v) davlat boshqaruvi tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, aholining kundalik hayotiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish.
g) O‘zbekistonning tezkor “raqamli taraqqiyoti”, iqtisodiyoti, ijtimoiy, sotsial va gumanitar sohalarini biznes va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida rivojlantirish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.
d) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda mavjudligini ta'minlash, aholining axborotdan, raqamli texnologiyalardan foydalanish madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishni nazarda tutuvchi ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalarni rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
ye) global virtual va raqamli makonni shakllantirish soqasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro axborot makonida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, mamlakatning milliy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish.

Mavzuga oid