Uzoq vaqtdan beri O‘zbekistonning anklav va eksklav, ya'ni  hududini yuz foiz boshqa mamlakat yeri o‘rab turuvchi Farg‘ona viloyati, So‘x tumaniga borib, o‘quvchilar uchun aholining turmushi, bugungi kuni va muammolari haqida maqola tayyorlashni rejalashtirgan edik. Niyatimiz yozning issiq kunlarida amalga oshdi.  

Keling, avval siz bilan “anklav” atamasiga oydinlik kiritib olsak... Anklav (frants. enclave, lot. inclavare — qulflab olish) – bir davlatning hamma tomondan boshqa davlat hududi bilan o‘rab olingan hududi yoki hududining bir qismi. Farg‘ona viloyatiga qarashli So‘x, Cho‘ng‘ara, Shohimardon, Qalacha hududlari O‘zbekiston eksklavlari bo‘lib, Qirg‘iziston Respublikasi uchun anklav hisoblanadi.

Aytib o‘tay, bu ikkinchi va yakuniy maqola. Sarhadlarimizdan yiroqdagi tuman haqidagi birinchi maqolamizda chegaradan o‘tishdagi yurakni siqadigan muammolar, Qirg‘iziston chegarachilaridan o‘tish uchun olinadigan “bilet”, Botken yo‘li mashmashalari va So‘xga yetib borganimizga to‘xtalgan edik.

Bugungi materialda esa anklav tuman aholisining hayot tarzi va ikki dolzarb muammosini yoritamiz.

Mo zodai ko‘hi balandem, ba mo pasti namezebad

80 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi So‘x tumanida faoliyat olib boradigan IIB xodimlariga ish deyarli kam topiladi. Sababi, hudud odamlari qadim-qadimdan turli jinoyatchilikdan yiroq yashashgan. O‘g‘rilik, firibgarlik deyarli kuzatilmas ekan.  Bu yerda: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan maqol haqiqatda amalda.

Tuman aholisi deyarli 100 foiz tojikzabon. Mahalliy gazeta shiori ham o‘zgacha: “Mo zodai ko‘hi balandem, ba mo pasti namezebad”. O‘zbekchaga baholi qudrat o‘girib ko‘rdim: “Baland tog‘liklar avlodimiz, past ketish bizga yarashmas”. So‘xlik deganining g‘ururi xuddi tog‘dek yuksak keladi.

«Boburnoma»da 1493 yil voqealari qalamga olinar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur taqdir taqazosiga ko‘ra «So‘x va Hushyor ko‘hpoyalariga kelib, bir yilcha yovuq» yashaganini orziqish ila xotirlaydi. O‘sha vaqtlarda ham So‘xda ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat rivoj topganini bilish mumkin.

Hozir So‘x tumani taraqqiyot yo‘lida.  Mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bor. Aholi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. O‘tgan gal aytganimizdek, bog‘dorchilik, sabzavot urug‘chiligi rivojlangan. Kartoshkaning eng zo‘rini So‘xdan topasiz.