O‘zbekiston | 10:25 / 14.08.2018
27019
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi tizimi xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlanganligi yana bir bor ta'kidlandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi

Qarorda yana bir marotaba xalq ta'limi tizimi xodimlarini ta'lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga, turli xil yig‘ilishlarga jalb qilish, ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga har qanday shaklda to‘sqinlik qilish amaldagi qonun hujjatlarida taqiqlanganligi yana bir bor ta'kidlab o‘tildi.

Tegishli vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim, maktabdan tashqari ta'lim sohasiga davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, jahondagi oliy ta'lim muassasalarining reytingida 1000 talik ro‘yxatga kiradigan xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallarini yoki fakultetlarini O‘zbekiston Respublikasida litsenziya olmasdan va boshqa imtiyozli shartlarda tashkil etish masalasini o‘rganib chiqib, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror ta'lim-tarbiya sifatini tubdan oshirish, mamlakatimizda yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid