So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy mavqei va nufuzi pasayib ketgan edi. Shu bois O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda o‘qituvchilik kasbining jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan "Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov yangi qarorga quyidagicha izoh berdi:
"Prezidentimiz tashabbuslari asosida Xalq ta'limi tizimida tarixiy o‘zgarishlar boshlanyapti. Yangi qaror mana shu o‘zgarishlarga asos bo‘ladi. Hujjatning eng asosiy maqsadi - o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish. Shu vaqtgacha bo‘lgan davrni tahlil qiladigan bo‘lsak, afsuski, xalq ta'limi tizimiga, tekin ishchi kuchidek qarab kelingan va maktab ta'limi tizimi ikkinchi darajaga o‘tib qolgan. Prezidentimiz oxirgi selektorlarda maktabning mavqeini oshirish bo‘yicha katta vazifalar belgilab berdilar. Shu bois maktabdagi har qanday ortiqcha majburiy mehnatni yo‘q qilish, qog‘ozbozlikni kamaytirish, qo‘shimcha pedagogik yuklamalar tartibga solish va imkon boricha o‘qituvchilarga sharoit yaratib berishga alohida e'tibor qaratilmoqda".

Qaror bilan yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ta'lim-tarbiya sifatini mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Oylik ish haqi
Davlat rahbarining qaroriga muvofiq umumiy o‘rta ta'lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018 yil 1 sentabrdan quyidagi ko‘rinishda oshiriladi:
- boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun - 1,1 baravarga;
- yuqori sinf o‘qituvchilari uchun - o‘rtacha 1,24 baravarga;
- direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun - 1,1 baravargacha.
























