Jahon | 00:27 / 16.08.2018
25039
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik sayyohlar o‘ldirilgach Tojikistonda SIM-kartalar narxi 50 barobar oshirilishi mumkin

Tojikiston hukumati 20 avgustdan boshlab SIM-kartalar narxini 250 somoniy (26 AQSh dollari) gacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu ayni paytdagi narxdan 50 barobar qimmat demakdir.

Mamlakatdagi uchta yirik mobil aloqa operatori bu axborotni «Ozodlik» radiosining tojik xizmatiga tasdiqlagan. Tojikiston IIV mazkur qarorni 29 iyul kuni Dang‘arada xorijlik sayyohlarga hujum uyushtirilgach yuqori «xavfsizlik choralari» deb atagan.

Masala hukumatning Aloqa xizmati, huquq-tartibot organlari va Tojikiston mobil operatorlari vakillari ishtirokida muhokama etilgan. Muhokamada ishtirok etganlardan birining so‘zlab berishicha, avvaliga SIM-kartalarni 1000 somoniy (104 AQSh dollari) dan sotish taklif etilgan, biroq muhokamalardan so‘ng uning narxi 4 barobar kamaytirilgan.

«Ayrim abonentlar raqam almashtirishni xush ko‘rishadi. SIM-kartaning baland narxi bunga chek qo‘yadi. Bundan tashqari, tojik aloqa operatorlarining SIM-kartalari tasodifiy insonlarning qo‘liga tushib qolishining oldi olinadi», — deya Asia-Plus axborot agentligi nomi oshkor etilmagan manbaning so‘zlarini keltirmoqda.

Aholisi 9 milliondan ortiq bo‘lgan Tojikistonda mobil aloqaning 4,1 millionta faol foydalanuvchisi bor. Ayni paytda mamlakatda to‘rtta mobil aloqa kompaniyalari: «Babilon», «TSell», «Megafon» va «Bilayn» faoliyat ko‘rsatmoqda.

29 iyul kuni Xatlon viloyatining Dang‘ara tumanida bir necha kishi minib olgan avtomobil Tojikiston bo‘ylab velosipedda sayohat qilayotgan xorijliklar ustiga haydalgan.

Tojikiston IIVning ma'lumotlariga ko‘ra, avtomobil velosipedchilar ustiga haydalgach, uning haydovchi va yo‘lovchilari salondan chiqib, sayyohlarga o‘q otar qurol va pichoq bilan hujum qilishgan. Voqea natijasida ikki nafar amerikalik fuqaro, 56 yoshli niderlandiyalik va Shveytsariya fuqarosi vafot etgan. Yana bir necha xorijliklar og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Keyinroq IIV besh nafar jinoyatchi «yo‘q qilingani», hujum uyushtirganlikda gumonlanuvchi yana bir fuqaro qo‘lga olinganini e'lon qilgan. «Ular ushlash chog‘ida qurolli qarshilik ko‘rsatishdi», — deyishgan idorada. Qurolli hujum uchun mas'uliyatni IShID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid