O‘zbekiston | 16:48 / 16.08.2018
4556
3 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov Rosreyestr rahbari bilan uchrashdi. Qibray tumani misolida sinov loyiha ishlab chiqiladi

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Joriy yilning 14 avgust kuni Moliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasining bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirining o‘rinbosari – Rosreyestr rahbari Viktoriya Abramchenko bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv konstruktiv suhbat formatida bo‘lib o‘tib, unda Rossiyalik ekspert guruhi tomonidan o‘rganishlar natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasida mavjud joriy kadastr tizimining muammoli masalalari muhokama etildi.

Rossiyaning Iqtisodiy rivojlanish vazirligi va Rosreyestr xizmatining ekspert guruhi joriy yilning avgust oyida kadastr bo‘yicha ro‘yxatga olish, huquqlarni ro‘yxatga olish, davlat yerlarini nazorat qilish, ularning monitoringini olib borish, geodeziya, kartografiya va ko‘chmas mulkni baholash sohalarida faoliyat yurituvchi hamkasblarining tajribalarini o‘rganish yuzasidan tashrif buyurdilar. O‘rganishlar natijasida rossiyalik ekspertlar davlat boshqaruvi mexanizmlarining samaradorligini oshirish va respublikadagi ko‘chmas mulk bozorini tartibga solish choralarini taklif etdilar. 

Kadastr bo‘yicha ro‘yxatga olish va huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni optimallashtirish maqsadida, rossiyalik ekspertlar elektron hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish hamda hisob-kitob va ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini elektron tarzda yuritish sohalarini qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berib o‘tdilar. Davlat xizmatlarining elektron shaklga o‘tilishi murojaatchiga xizmatlarni u uchun qulay bo‘lgan vaqtda va joydan foydalanishga imkon beradi.

Rossiyaning Iqtisodiy rivojlanish vazirligi va Rosreyestr xizmatining mutaxassislari, bizning mutaxassislarimiz tomonidan «yagona darcha» xizmati kiritilishining ijobiy tajriba ekanligini ta'kidladilar. Bunday markazlarda 2018-2020 yillar mobaynida 58 xildagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.

-  Rosreyestr uchun bir necha yillar davomida oson va tezkor xizmatlarni ta'minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanib, shuning uchun ham xizmatlarni kontaktsiz texnologiyalar orqali ko‘rsatishni – internet tarmog‘i va davlat xizmatlarining yagona markazlari orqali faol darajada rivojlantirmoqdamiz, - dedi Viktoriya Abramchenko.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yer-mulk munosabatlarini rivojlantirish, Toshkent viloyatining Qibray tumani misolida pilot loyihani ishlab chiqish va amalga tatbiq etishga kelishdilar. Pilot loyiha hududida ushbu hududlarni rejalashtirish hujjatlari ishlab chiqilishi, kadastr ishlari olib borilishi hamda ko‘chmas mulk obektlarining kadastr narxi belgilanishi rejalashtirilmoqda. Bunda Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bazasini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid