O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e'lon qilindi.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Siz azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.
Qurbon hayitining ma'naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, mana shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning farovon hayoti, jondan aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini ta'minlash yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz, jumladan, diniy-ma'rifiy sohadagi ishlarni tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarimiz dunyo hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e'tirof etilmoqda.
Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida o‘tkazilgan diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha nufuzli xalqaro forumda O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar yuqori baholangani bu borada boshlagan ishlarimizning xalqaro miqyosda yuksak e'tirof etilganiga yaqqol dalildir.
Biz islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning boy ilmiy-ma'naviy merosini o‘rganish, yoshlarimizni yuksak insoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashga alohida e'tibor bermoqdamiz.
Dunyoda muqaddas dinimiz nomidan turli yovuz harakatlar sodir etishga urinishlar kuchayib borayotgan bir paytda, unib-o‘sib, hayotga yorug‘ yuz bilan kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizga muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini tushuntirib berish, ularni teran fikrlaydigan, shiddatli zamon mezonlari asosida yashaydigan ma'rifatli, dunyoqarashi keng, barkamol insonlar etib voyaga yetkazish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘lda boshlagan islohotlarimiz kutilgan samarani berishi uchun barchamiz, butun xalqimiz bilan birgalikda hamjihat bo‘lib ish olib borishimiz kundalik zaruratga aylanmoqda.
















