Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir necha yildan buyon yashayman. Ishdan qaytayotib, kichik bir do‘konga kirdim. Kerak narsani xarid qilib navbatda turganimda, bir odam mendan ingliz tilida “Qayerdansan?” deb so‘rab qoldi. “O‘zbekiston” dedim. Shunda u “Haa, Pokistonmi?” dedi. Unga qaytadan tushuntirdim. Unchalik tushunmadi. Shunda Google orqali dunyo xaritasini ochdim va O‘zbekistonni ko‘rsatdim. Shundagina u odam endi tushunganini aytib, menga rahmat dedi.

Bir qaraganda oddiy tuyulgan bu voqea meni o‘ylantirib qo‘ydi. “Nega endi dunyoga mashhur fozilu fuzalolar yurti bo‘lgan O‘zbekistonimiz haqida xorijlik oddiy insonlar bilishmaydi?”, degan savol ortidan, miyamga bir fikr kelib qoldi.

Qanday fikr ekan deysizmi? Hozir tushuntiraman.

Internetdagi YouTube xizmatini hammamiz bilamiz. Unda har kuni millionlab odamlar o‘z videolarini ko‘rsatishadi. Ularni videoblogerlar deb atashadi. Ko‘pchilik videoblogerlar yuz minglab obunachiga ega. Odamlar o‘z blogerlarining har bir videosini kutib turishadi va qayta-qayta ko‘rishadi, boshqalarga ham jo‘natishadi. Tomoshabini ko‘p videolardan YouTube ham pul ishlaydi. Ushbu xizmat tomashabinbop videolar ichiga reklamalar joylaydi va foyda ko‘radi. Shu tariqa, kanal blogerlarga video uchun pul ham to‘laydi.

Millioner bo‘lib ketgan videoblogerlar dunyoda ko‘plab topiladi. Aksari tashkilotlar, korxonalar, ishlab chiqaruvchilar nomdor va obunachisi ko‘p blogerlarni chaqirib, o‘z mahsulotlari haqida material tayyorlatishadi. Natijada ular tayyorlagan videoni dunyodagi millionlab tomoshabin ko‘radi.

O‘zbekistondek yurtimizni dunyoga tanitishda bizga YouTube videoblogerlari yordam berishsachi?

Angliya, Fransiya, Yaponiya, Afrika, Amerika, Braziliya, Hindiston, qo‘yinki, qayerda nomi chiqqan va obunachisi ko‘p videobloger bo‘lsa, ularni bir vaqtning o‘zida (yoki guruhga ajratib, navbati bilan) O‘zbekistonga taklif qilish kerak. Ularni O‘zbekistonning barcha diqqatga sazovor joylariga olib borish, mamlakatimizdagi to‘ylar, tantanalar, bayramlar, xalqaro musobaqalarni ko‘rsatish kerak! Qo‘li gul hunarmandlarimizni ustaxonalariga, bog‘bonlarimizning bog‘u-rog‘lariga kirish, Xiva, Buxoro, Samarqandu Qo‘qonda bo‘lishlarini tashkillashtirish, ajdodlarimiz qurgan obidalarni ko‘rsatish zarur.

Aminmanki, ular tayyorlagan videobloglarni yer yuzidagi millionlab tomoshabin ko‘radi va O‘zbekiston degan yurtning qayerda joylashgani, odamlari, tabiati, ishlab chiqarishi, iqlimi va shaharlari haqida tasavvurga ega bo‘lishadi. Dunyo taniydigan videoblogerlar uncha ko‘p emas va ularning hech bo‘lmasa 10 nafarini O‘zbekistonga chaqirish unchalik ko‘p xarajat talab etmaydi. Qolaversa, mamlakatni dunyoga tanitishdek oliy maqsad uchun har qancha harakat va xarajat oz.