Vazirlar Mahkamasining 14.08.2018 yildagi 660-son qarori bilan ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga o‘quvchilarni qabul qilish va ota-onalar to‘lovini to‘lash tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Maktab-internatga qabul qilish
Bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida, sport ta'lim muassasalari yoki sport klublarida dastlabki tayyorgarlikdan o‘tgan, sport bilan shug‘ullanishga iqtidori bo‘lgan hamda maktab-internatda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilarni qabul qilish 6-sinfdan amalga oshiriladi. O‘quvchilar tanlov shartlari bo‘yicha o‘zlashtirish tabeli asosida qabul qilinadi. Qabul komissiyasi hujjatlarni qabul qiladi va tanlov o‘tkazadi.
Hujjatlar 20 iyun – 20 iyul mobaynida qabul qilinadi. O‘qishga kiruvchilar quyidagi hujjatlarni shaxsan taqdim etadilar:
• o‘quvchining ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktab-internat direktori nomiga ariza;
• tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi (asli komissiyaga shaxsan ko‘rsatiladi), guvohnoma takroran berilgan hollarda – tuman (shahar) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organining mazkur dalilni tasdiqlovchi ma'lumotnomasi;
• tibbiy ma'lumotnomalar (F-026-u shakldagi maktab tibbiy anketasi, F-063-u shakldagi profilaktik emlash kartasi, F-086-u shakldagi tibbiy ma'lumotnoma, qon, peshob, gijja tuxumi tahlili, EKG, 14 yoshdan boshlab flyuorografiya, turar joyidan bolalar vrachidan kechirgan kasalliklari to‘g‘risidagi ma'lumotnoma, psixonevrologik dispanserdan ma'lumotnoma, yakka kurash turlari uchun – umurtqa pog‘onasining ko‘krak va bel qismlarining ikki proyeksiyadagi rentgen rasmi hamda travmatolog xulosasi);
• turar joyidan ma'lumotnoma;
• 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 8 ta rangli fotosurat.
Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda qabul komissiyasi o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas. Sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogi g‘olib va sovrindorlari, O‘zbekistonning sport terma jamoalari a'zoligiga hamda ularning zaxirasiga kirganlar maktab-internat o‘quvchilari safiga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadilar.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 21 iyul – 28 iyul mobaynida o‘tkaziladi. Sport turlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar me'yorlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari 1 avgust kuni e'lon qilinadi.














