O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta'sischi davlatlar rahbarlari majlisidagi nutqini e'lon qildi.

Prezidentning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik faoliyatini yuksak baholaydi.

“Turkmanistonlik do‘stlarimiz tomonidan ushbu serqirra tuzilma faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, uning xalqaro nufuzini oshirish bo‘yicha katta amaliy ishlar olib borilmoqda. Ishonchim komilki, Jamg‘arma asoschilari bo‘lgan davlatlar rahbarlarining qariyb o‘n yillik tanaffusdan keyin o‘tayotgan bugungi tarixiy majlisi mazkur tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochadi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi. Bugun barchamiz turkman zaminida o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanimizni yana bir bor qat'iyat bilan tasdiqlaymiz”, - deyiladi davlat rahbari nutqida.

Qayd etilishicha, Orol dengizining qurishi muammosi mintaqaviy faoliyat kun tartibida alohida o‘rin tutadi – bu umumiy fojiadir.

Orolbo‘yi hududini u yerda paydo bo‘lgan sahro egallab olmoqda. Oqibatda suv resurslari taqchilligi, ichimlik suvi sifatining yomonlashuvi, tuproqning degradatsiyaga uchrashi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi, jiddiy iqlim o‘zgarishlari yaqqol sezilib turilibdi.

“Biz umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga yechim topish bo‘yicha barcha sa'y-harakatlarimizni birlashtirishimiz lozim”, - deydi prezident.

Hozirgi paytda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Markaziy Osiyoda vaqt sinovidan o‘tgan yagona mintaqaviy tashkilot bo‘lib, mamlakatlar o‘rtasida bu boradagi hamkorlikning amaliy mexanizmi bo‘la oladi. O‘zbekiston Jamg‘arma faoliyatida Qirg‘iziston Respublikasi ishtiroki tiklanganini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Aminmanki, biz mazkur tashkilot doirasida mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlari mutanosibligini ta'minlashga erishamiz, bizning umumiy kelajagimiz – o‘z qo‘limizda. Faqat barcha mintaqa davlatlarining Jamg‘arma faoliyatida, jumladan, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi Dasturni ishlab chiqish va o‘zaro kelishish jarayonida to‘laqonli ishtirok etishi orqali biz bu boradagi umumiy muammolarni hal etishimiz va tahdidlarni bartaraf etishimiz mumkin. Shu munosabat bilan biz Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining me'yoriy-huquqiy asoslari va tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan hamkorlarimiz bildirgan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz”, - deyiladi nutqda.