Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida qishloq xo‘jaligi vazirining “Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanishi mumkin.
Nizomga ko‘ra, qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari hududidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda tayyorlangan takliflar asosida tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun qulay bo‘lgan yerlardan yer uchastkalari ajratib beriladi.
Tuman hokimining qarori bilan tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (komissiya raisi), tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tegishli hudud bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi, Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasining vakili (komissiya kotibi)dan iborat tarkibda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.
Tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun qulay bo‘lgan hududlarda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risida tuman yer resurslari va davlat kadastri organlari tomonidan yer tuzish loyihalari ishlab chiqiladi.
Qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun ishlab chiqilgan loyihalar qishloq xo‘jaligi xaritalarida aks ettirilib, unda loyiha raqami, yer uchastkasini o‘lchami, manzili, kontur raqami va boshqa omillar ko‘rsatiladi.
Ishlab chiqilgan loyihalar uch kun muddatda tumanda yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, tuman hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
Tuman hokimligi qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish uchun ishlab chiqilgan loyihalarda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etish loyihalari tashabbuskorlari takliflarini tanlab olish, unda ishtirok etish shartlari va uni o‘tkazish joyi to‘g‘risida mahalliy ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va tashkilotlari boshqaruvi (ma'muriyati) binolarida osib qo‘yilishini ta'minlaydi.















