Jahon | 08:22 / 28.08.2018
25498
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh uchun bosh xavf Rossiya ham, Xitoy ham emas – amerikalik harbiy

Foto: AFP

AQSh qurolli kuchlariga Rossiya ham, Xitoy ham emas, balki o‘z qo‘shinlarini haddan tashqari faol qo‘llashi va texnologiyalarining past darajasi xavf soladi. Bunday fikrni AQSh armiyasining sobiq podpolkovnigi Deniel Devis National Interest nashri uchun maqolasida bildirgan.

Devisning aytishicha, ayni vaqtda AQSh o‘z xavfsizligini oshirishga yetarlicha e'tibor qaratmayapti, armiyasini haddan tashqari qo‘llashi va harbiy imkoniyatlarining yetarlicha rivojlanmagani Amerikaning dunyodagi hukmronligiga putur yetkazgan.

Uning aytishicha, agar AQShning dushmanlaridan biri unga tegishli navigatsiya va razvedka sun'iy yo‘ldoshlarini yo‘q qilish uchun kosmik qurollardan foydalansa, Vashington bu xavfga javob bera olmaydi va o‘z harbiy salohiyatining katta qismini bir ondayoq yo‘qotadi.
 
Devisning fikricha, AQSh o‘z harbiy kuchini qo‘llashni yoki uni raqobatchilari va dushmanlarini barcha talablariga rozi bo‘lishga majburlash uchun qo‘llash bilan tahdid qilishni to‘xtatishi lozim. Chunki bu AQShning ehtimoliy dushmanlarini qarshi kurashish bo‘yicha tadqiqotlarni ko‘paytirish va bu boradagi choralarni ishlab chiqishga undaydi.
 
Devisning yozishicha, AQSh mayda urush va terrorchilikka qarshi kurash bilan o‘ralashib qolgan. Bundan tashqari, AQSh o‘z armiyasini bu maqsadlarda qo‘llashi uning harbiy texnikasining eskirishiga va “kerak bo‘lmagan” harbiy operatsiyalarni moliyalashtirish uchun trillion dollarlab qarzga botishiga olib kelgan. Shuningdek, oddiy askarlarning jangovar ko‘nikmalari pasaygan.

Sobiq harbiyning ta'kidlashicha, AQSh o‘z siyosatini o‘zgartirishi, butun dunyo bo‘ylab amaldagi harbiy operatsiyalarini tugatishi hamda o‘z armiyasini ehtiyot qilishi lozim. Joriy vaziyatning saqlanib qolishi esa AQSh armiyasiga putur yetkazaveradi va kelgusida uning mag‘lubiyatiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid