Bir jurnalistning o‘z fikrini bayon etgani uchun uni xalq dushmani yoki ma'naviyatsizlikda ayblashning o‘zi ma'naviyatsizlikdir.

Volter aytganidek, «Men sizning fikringizga qo‘shilmasligim mumkin, ammo bu fikringizni aytishingiz uchun jonimni berishga tayyorman». 

Men ham Nikita Makarenkoning fikriga qo‘shilmasligim mumkin, qarshi bo‘lishim mumkin, ammo uning o‘z fikrini bayon etish huquqi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga tayyorman. Makarenkoning maqolasidan keyingi chiqishlaru, baland ovozlar, ko‘r-ko‘rona yozilgan qarg‘ish to‘la raddiyalar bilan biz uzoqqa borolmaymiz. Eng achinarlisi, uzoqqa borish tugul, bugungi ma'naviy nuqtamiz ham abgorligini ko‘rsatdik. Keling bu holatni bir tahlil qilib ko‘rsak.

Tungi klublar kerakmi yoki yo‘q?

Bu yerda muhim bir nuqtadan boshlashni istardim. Bugungi O‘zbekiston Prezident boshchiligida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda! Bunda biz mamlakat va millat o‘laroq tanlagan yo‘l – huquqiy demokratik jamiyat tuzish yo‘li. Avvalgisidan farqli o‘laroq yolg‘ondan emas, nomigagina emas, sirti demokratik, ichi avtokratik emas, chin va haqiqiy huquqiy demokratik jamiyat tuzish yo‘lini tanladik. Bu haqda Prezident butun dunyoga ma'lum qildi. Nafaqat og‘zaki ma'lum qildi. Tashqi kuchlar va ichki kuchlarga ham o‘z qat'iyatini isbot qiluvchi koordinal islohotlarni boshladi. Avvalgidek, aytdi qo‘ydi, bir yilda unutiladi degan tushunchalar bilan bundan buyon ishlab bo‘lmasligini davlat amaldorlari, mas'ullar his qila boshlashdi. His qilmagani, unga ko‘nmagani lavozimidan olinmoqda. Shu o‘rinda kadrlar siyosatidagi tez-tez o‘zgarishlar va yosh kadrlarning qo‘rqmasdan mas'ul lavozimlarga tayinlanishi bu jarayonning amalga oshishi uchun, ya'ni ko‘zlangan maqsadga erishish uchun voz kechib bo‘lmas bir ehtiyoj ekanligini ko‘rsatadi. Ya'ni, prezident yangi nasl boshqaruv kadrlarini –  yangi tafakkurga sohib, ma'nan yetuk hamda keng mushohadali kadrlarni davlat boshqaruv  apparatiga olib kelish zaruriyati shu bilan izohlanadiki, taraqqiyotning yangi bosqichiga mamlakatni faqatgina korrupsiyaga moyil bo‘lmagan, dunyoga keng nazar sola oladigan, demokratik qadriyatlarni his qila olgan nasl olib chiqa oladi.

Avvalgi maqolalarimda ham bugun bizda to‘rt xil mafkuraviy tanlov borligini, eng asosiysi qay birini tanlashimizdan qat'i nazar yaxshisi barobarida yomon tarafi bo‘lishini inobatga olishimiz zarurligi haqida yozgandim. Ya'ni, bizda yaxshi yoki yomon orasida tanlov yo‘q. Inson va insoniyatning, davlatning qismati shunday azal-azaldan. Hamisha yomondan ko‘ra yaxshirog‘ini tanlash imkoni bor xolos. Shunday ekan, demokratik taraqqiyotning ham o‘ziga mos, ammo bizga noqulay, milliy mentalitetimizga uyg‘un bo‘lmagan taraflari borligi rost.