Falastin xalqiga zulm qilayotgan Isroil, elitasi musulmonlarni xushlamaydigan Hindiston: qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, ularning ikkalasi ham – demokratiya. Bu fakt – avtokratiya yo diktaturada yashab, demokratiyani orzu qilayotgan jamiyatlarda yanglish tasavvur uyg‘otmasligi lozim. Bundan kelib chiqadigan xulosa oddiy: jamiyat demokratiyani asrash uchun qanchalik mas’ul bo‘lsa, erkinliklar va ayniqsa ozchiliklarning erkinliklarini qo‘riqlashga ham shunchalik burchlidir.
Biz Kun.uz'dagi chiqishlarimizda xalqaro maydondagi jarayonlarni ko‘p tahlil qilamiz. Jumladan, Isroil, Hindiston – demokratiya ekanini, G‘arbiy Yevropa va AQShda ham demokratik jarayonlar orqali millatchilar, islomofoblar, ksenofoblar bosh ko‘tarayotganini ko‘p gapiramiz. Shu kabi videolar sharhlarida ko‘plab e’tirozlarni kuzatamiz: nahotki Isroil, Hindiston kabi ksenofob, islomofob davlatlar demokratik bo‘lsa? Agar ular demokratik davlatlar bo‘lsa, unda bizga – O‘zbekistonga, Markaziy Osiyoga, turkiy va musulmon davlatlariga ham demokratiya kerakmi?
Bu kabi savollar yoki e’tirozlar O‘zbekiston jamoatchiligida paydo bo‘lishi tabiiy.
Demokratiya – din yoki falsafa emas. Demokratiya – eng avvalo davlat va jamiyat hayotini tashkillashtirish mexanizmi, tartibi, tamoyillari hisoblanadi. Demokratiyaning asosiy talabi – ko‘pchilik irodasi orqali siyosiy qarorlar qabul qilish. Ko‘pchilik nimani xoxlasa, kimga ovoz bersa – shu, shartli ravishda demokratiya bo‘ladi. Lekin bu o‘rinda: “Ko‘pchilik bo‘lmaganlar-chi, kamchiliklar-chi?!” degan masala ham bor. Liberal-demokratiyada esa, ko‘pchilikning xohishi hokimiyatga keladi, lekin kamchilikka nisbatan repressiyalar, bosimlar, tahqirlashlarga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zaro kelishuv va kompromiss izlanadi.
Demokratik jarayonlar asosan davlatlarning ichki siyosatida, mamlakat chegaralari doirasida ishlaydi. Lekin xalqaro maydonda demokratiyalar har doim ham garmoniyada ishlay olmaydi. Bugun xalqaro maydonda davlatlar hayotini tartibga soluvchi institutlar mavjud emas. BMT – kuchli davlatlar ligasi hisoblanadi, uning Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar eng ko‘p urush qilgan yoki qilayotgan, eng agressiv davlatlar hisoblanadi. BMT qolgan davlatlarni ulardan himoya qila olmaydi, aksincha, bu qudratli davlatlar BMT Xavfsizlik Kengashidan o‘z maqsadlarida foydalanishadi.
Isroil, mana sakson yildirki, Falastinda katta jinoyatlar qilib keladi. Yoki, Hindistonda ham yildan yilga ksenofob, islomofob siyosiy kuchlar hokimiyatda mustahkamlanib bormoqda. G‘arbiy Yevropa yoki AQShda ham demokratik saylovlar orqali ashaddiy millatchilar kuchaymoqda.
















