​1974 yili 28 avgustda SSSR davlatida ilk marta dehqonlarga pasport berila boshlangan. Qariyb yarim asr mobaynida sobiq sho‘rolar hukumati aholining barcha qatlam vakillariga birdek pasport taqdim etmadi. Gap shundaki, sovetlar xalqning ijtimoiy himoyaga o‘ta muhtoj hamda intellegentsiyasi vakillarining xorijga ketib qolishidan qo‘rqqan. 

XX asrning 20-yillarida amaliyotga tatbiq etilgan kollektivizatsiya islohoti qishloq xo‘jaligi xodimlarining mehnatini arzimas to‘lov va mahsulotlar qiymatiga tenglashtirdi. Shunday so‘ng, dehqonlarning ish joyini tark etib, aholi gavjum, nisbatan markaziy shaharlarga ish izlab kelishi kuchaydi. 1932 yili Markaziy ijroiya qo‘mita yangi qarorni e'lon qildi: mamlakatda yagona pasport tizimi joriy etiladi. Shu orqali fuqarolarning davlat ichida shaharlararo erkin harakatlanishini cheklovchi propiska tizimi ham paydo bo‘ldi. 

Kolxozchilarning mamlakatdan umuman chiqib ketolmaslik, shuningdek, yirik shaharlarga ko‘chib bormasligi uchun, ularga pasport ham berilmadi. Bu jarayon 1974 yil 28 avgustga qadar davom etdi. Rasman kolxozchining boshqa shaharga ko‘chib o‘tishga, xorijga chiqishga ham imkoniyat bor edi: buning uchun unga kolxoz raisining yozma ruxsatnomasi taqdim etiladi. Faqat 1983 yili Sovmin e'lon qilgan yangi qarorga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan barcha SSSR fuqarolari pasport olishga haqli va majbur bo‘ldi. 

Tarix silsilasida muhrlangan ushbu voqealarning bir jihati O‘zbekiston fuqarosini ajablantirmaydi. Ya'ni, kolxoz raisi ruxsat bergandagina chetga chiqish imkoniyati hanuzgacha O‘zbekistonda o‘zgacha shaklda barhayot. Bu xalq tilida ommalashgan OVIR (SSSR IIV tizimida mavjud Otdel viz i registratsii so‘zlarining abbreviaturasi) yoxud xorijga chiqish uchun ruxsatnomasini (stiker) eslatib yuboradi. 

Ming shukrki, sobiq sovet elementi (balki quldorlik dermiz) hayotimizdan yo‘q bo‘lib ketishi mumkin (edi). Gap shundaki, ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda shu yilning uchinchi choragida xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Ammo, biroq, lekin... 

Ma'lum qilinishicha, ID-kartalar haqiqiy amaldagi biometrik pasportlarni almashtiradi, stikerlar belgilangan muddatgacha amal qiladi. Shundan so‘ng, yangi tartibga ko‘ra, xorijga chiqish uchun «millati» ustuni qo‘shilmagan yangi pasport beriladi. Soddaroq qilib aytganda, fuqarolar ID-karta va xorijga chiqish pasporti bilan qoladi. Bu amaliyot barcha rivojlangan mamlakatlarda ham uchraydi. Xursand bo‘lishga shoshilmaymiz, zero, masalaning nozik jihatlari ham bor. 

O‘zbekistonlik huquqshunos Nodir Zakirovning aytishicha, joriy etilganiga 5 yil bo‘lgan qo‘limizdagi pasport xorijga chiqish uchun barcha standartlarga javob beradi.