Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining 30 avgust kunidan o‘rin olgan musobaqalarida o‘zbekistonlik 27 nafar sportchi yakkalik va jamoa holda 6 sport turi bo‘yicha bahs olib borishdi.
Musobaqalarning o‘n ikkinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar jami 8ta (3ta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza) medal olishdi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha musobaqalarida o‘zbekistonlik sportchilar jami 4ta medalni qo‘lga kiritishdi.
Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova juftligi ayollar o‘rtasida 500 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelishdi va kumush medallar bilan taqdirlanishdi.

Kanoeda 1000 metr masofaga eshkak eshishda o‘zbekistonlik tajribali sportchi, Osiy o‘yinlarining 3 karra g‘olibi Vadim Menkov tengsiz bo‘lib, to‘rtinchi chempionlikni tantana qildi.

500 metr masofaga to‘rt kishilik ekipajda o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari (A.Tropin, V.Ibragimov, J.Nurmatov, A.Mochalov) marraga beshinchi bo‘lib yetib borishdi.
1000 metr masofaga juftlik bahslarida startga chiqqan Shahriyor Mahkamov va Shohruhbek A'zamov marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

1000 metr masofaga kanoeda eshkak eshgan Nurislom To‘xtasin o‘g‘li va Serik Mirbekov juftligi ham O‘zbekiston hisobiga navbatdagi bronza medalni qo‘shib qo‘yishdi.




















