Saxovat. Bu xislatni ta'riflashning o‘zi kam. Qiziq tomoni bu muqaddas, ilohiy sifatni atrofingizda ko‘rganingiz sari ko‘nglingiz junbishga kelaveradi. Parvardigor esa bunday insonlarni yo‘lingizdan chiqaraveradi.
Navbatdagi xayriya murojaati bo‘yicha Toshkent shahrida joylashgan bolalar shifoxonasiga yo‘l oldik. 3 oylik farzandi Muhammadyusufning jigar sirrozidan aziyat chekayotganligi sabab Dadayev Murodjon aka Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan edi.

Xayriya loyihasini tashkil qilish uchun vaziyatni to‘liqligicha o‘rganishimiz lozim edi. Shu sababdan Murod akaning o‘zi bilan suhbat o‘tkazdik. Kerakli materiallar yig‘ilganidan so‘ng, zudlik bilan ishga kirishdik. Vaqt juda oz edi. Tezroq loyihani tayyorlasak, xalqqa namoyish etsak. Tezroq murg‘ak go‘dakka yordam ko‘rsatsak. Qisqa muddat ichida maxsus lavha efirga tayyorlandi. So‘ngra, Murod akaning qo‘ng‘irog‘i va aytgan so‘zlari bizni karaxt holatga keltirdi: “Maxsus lavhani saytga qo‘yish shart emas. Mablag‘ni yig‘ib bo‘ldim. Hammaga aytib chiqyapman”.
Nima bu? Mo‘'jizami? Yaratgan yana bir bor o‘z qudratini ko‘rsatdi deb hisobladik. Bu yangilik bilan qutlash uchun va safar oldidan oq yo‘l tilash maqsadida yana Murod akaning huzuriga oshiqdik.
Murod aka bo‘lib o‘tgan ishlardan, qisqa vaqt ichida yig‘ilgan mablag‘dan o‘zi ham hayron holatda edi. Mehribon va saxiy insonlarning bunday e'tiboridan taajjubda edi.
“25 avgust kunidan to ushbu 31 avgust kunigacha Allohning qudrati bilan, saxovatpesha insonlar ko‘magida maqsad qilingan mablag‘ (35 ming dollar) yig‘ildi. Bu uchun avvalambor Ollohimga hamd-sanolar aytamiz. Hattoki, mablag‘ yig‘ildi desak ham haligacha bizga yordam berish istagini bildirib vatandoshlar xabar olishmoqda. Bu mo‘'jizadan boshqa narsa emas. Bu hammasi xalqimizning bag‘rikengligi, bolajonligidan deb o‘ylayman.
Birovning dardini o‘z dardidek qabul qiladigan insonlar ko‘p ekan. Ular qo‘llaridan kelganicha yordam berishga harakat qilishdi. Dunyoning ko‘plab joylaridan vatandoshlar ko‘mak berishdi.
















