FEI World Jumping Challenge musobaqalariga 6 sentabr kuni Toshkent viloyatining zamonaviy "Allyur" ot sporti klubida start beriladi.
Yuqori martabali mehmon sharafiga tashkillashtirilgan uchrashuvlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Zoir Mirzayev bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida Al-Busaidiy O‘zbekistonda barcha sohalarda, jumladan ot sportini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Ummon sultonligi Ot sporti federatsiyasi prezidenti davlat tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirishga kelishib olishdi. Ushbu hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Ummon sultonligidagi seminar va o‘quv konferensiyalarida qatnashib, o‘z tajriba hamda bilimlarini boyitadigan bo‘lishdi.










