O‘zbekiston | 18:50 / 06.09.2018
37207
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga Abdulla Aripov boshchiligida katta delegatsiya yo‘l olmoqda

7 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya poytaxti Moskva shahriga tashrifni amalga oshiradi. Tashrif davomida Abdulla Aripov Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan uchrashuv o‘tkazishi belgilangan.

Hukumat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha keng ko‘lamli masalalarni muhokama qiladilar. Atom energiyasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta'lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Muzokaralardan so‘ng Dmitriy Medvedev va Abdulla Aripov raisligida Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Muzokaralar yakunida hukumatlararo hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Abdulla Aripovga bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, Iqtisodiyot vaziri Botir Xo‘jayev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Shuhrat Sodiqov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov, Qishloq xo‘jaligi vaziri Bahodir Yusupov kabi vazirlar hamrohlik qiladi.

Shuningdek, Rossiyaga yo‘l olayotgan delegatsiya tarkibidan Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Botirjon Asadov, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedov, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev, Mudofaa vaziri o‘rinbosari A. Burxanov, Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi Otabek Ibodullayev, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Jasur Aripov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi raisi Davron Dehqonov, «O‘zatom» agentligi direktori J.Mirzamahmudov, «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruv raisi A.Abdullayev, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbari Ilhom Haydarov, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi rahbari S.Umurzaqov, «O‘zbekneftgaz» AJ raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Saidov, «O‘zavtosanoat» AK raisi o‘rinbosari U.Salimov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi o‘rinbosari A.Kamalov, O‘zbekiston Milliy banki raisi Alisher Mirsoatov ham o‘rin olgan.

Mavzuga oid