Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz shahrida o‘zgacha shukuh bilan o‘tayotgan “Xalqaro maqom san'at anjumani”ga vodiyning Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyati delegatsiyalari o‘zgacha taraddud bilan tashrif buyurdi. San'at ustalari mahoratlarini o‘zlariga ajratilgan maydonda va katta sahnada namoyish etishmoqda. Anjuman doirasida har uch viloyat o‘z milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi hunarmandchilik mahsulotlaridan namunalar, oshpazlik san'ati va hududning turizm salohiyatini ham mehmonlar e'tiboriga havola qilyapti.

 

Andijon viloyatiga ajratilgan maydondan o‘rin olgan Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining kirish arki, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy bog‘, Registon maydoni, Asakadagi “Cho‘ntak” choyxonasi, choynak piyola singari ramzlarning o‘rnatilishi bir ko‘rishdayoq uning Andijonga tegishli ekanligini aks ettirgan.

 

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan san'at anjumanida viloyatdan 150 ga yaqin maqomchilar, milliy urf odat an'analarimizdan lapar, katta ashula, o‘lan ijrochilari, Andijon polkasi raqqos yigitlari, askiyachilar, karnay surnaychilar, sozandalar, raqqosalar, hunarmandlar, oshpazlar, dorbozlar va boshqalar ishtirok etmoqda.