Sport | 15:55 / 10.09.2018
9567
3 daqiqa o‘qiladi

Karlush Keyrush O‘zbekiston termasini Osiyo kubogi favoritlari qatorida sanadi

Foto: KUN.UZ

11 sentabr kuni Toshkentda Eron milliy terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab mehmon jamoa ustozi Karlush Keyrush va futbolchi Mas'ud Shojai jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

«Biz O‘FA bilan ajoyib va do‘stona munosabatlarga egamiz. O‘FA hamisha o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil qilishni so‘raganimizda yo‘q deyishmaydi. Bunday ijobiy va samimiy munosabat uchun tashakkur.

Biz yaxshi shakllangan tajribali futbolchilardan tashkil topgan kuchli jamoaga qarshi to‘p suramiz. Bu bahs biz uchun katta tajriba bo‘ladi deb o‘ylayman. Ektor Kuper qo‘l ostida ajoyib futbolchilar jamlangani shubhasiz.

Biz Osiyo kubogiga tayyorgarlikni boshlaganmiz. Bu bahsda tajribali futbolchilar bilan birga, Eron terma jamoasining ertasi bo‘lgan yoshlarga ham imkoniyat beramiz.

Ta'kidlab o‘tishni istardimki, jahon chempionatidagi ishtirok Osiyo kubogida yordam bermaydi. Buning uchun biz tinimsiz mehnat qilishimiz, futbolchilarning ishtiyoqini oshirishimiz shart va shundagina bizga chempionlik nasib qilishi mumkin.

Osiyo kubogiga Janubiy Koreya, Yaponiya, O‘zbekiston terma jamoalari ham chempionlik uchun tashrif buyurishadi va ular bilan o‘yinlar oson bo‘lmasligi aniq. Biz ko‘proq ishlasakkina maqsadga yetamiz.

Eron terma jamoasida 7 yil ishlashimga sabab bu futbolchilar bilan o‘zaro ishonchdir. Eron bilan har xil natijalarga erishdik. Ijobiy va salbiy.  Men futbolchilarga qanchalik ishonsam, ular ham menga shunday ishonch bilan javob qaytarishadi.

Eron terma jamoasi futbolchilari mashg‘ulot vaqtida ham o‘yin paytida ham maydonga bir xil kuchli ishtiyoq va shijoat bilan chiqishadi», deya Keyrushning so‘zlarini keltirgan O‘FA matbuot xizmati.

11 sentabr kuni FIFA kunlari doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron termasiga qarshi maydonga tushadi.

Bahsga Toshkentdagi «Milliy» stadioni mezbonlik qiladi. Uchrashuv esa mahalliy vaqt bilan 20:00 da boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi argentinalik mutaxassisning debyut o‘yinida Suriyaga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobidagi durang qayd etgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid