O‘zbekiston | 14:36 / 11.09.2018
7874
3 daqiqa o‘qiladi

Reaktiv quvvat kompensatsiyasi bo‘yicha nizomga tuzatishlar kiritildi

Foto: kibrismanset

Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan Reaktiv quvvat kompensatsiyasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma
 
Eslatib o‘tamiz, Nizom bilan belgilangan elektr energiyasini elektr tarmoqlari bo‘ylab uzatishda texnologik sarflarni kamaytirish hamda reaktiv quvvat kompensatsiyasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish tartibi quyidagilarga nisbatan qo‘llaniladi:

• iste'molchilar: jismoniy shaxslar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar (sanoat korxonalari va ularga tenglashtirilgan elektr energiyasi iste'molchilari);  
• energiya ta'minoti tashkilotlari hamda yangi, kengaytirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan korxonalarning elektr uskunalarini loyihalashtiruvchi tashkilotlari.
 
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endi har bir kirishida hisoblangan aktiv quvvati ilgarigidek 50 kW emas, balki 20 kW’dan kam bo‘lgan iste'molchilar uchun reaktiv quvvat kompensatsiyalanishi shart.
 
Ma'lumot uchun: reaktiv quvvat kompensatsiyasidan energiyani tejash maqsadida foydalaniladi. Yirik sanoat korxonalarida bu masala yanada dolzarb sanaladi. Reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalarni (RQKQ) qo‘llash tarmoqdan iste'mol qilinadigan quvvatni kamaytirishning eng ta'sirchan va samarali usuli hisoblanadi.  
 
Nizom reaktiv quvvat kompensatsiyasi bilan bog‘liq qanday masalalarni o‘z ichiga olishi to‘g‘risidagi bandga tuzatish kiritildi. U 1000 V’gacha va undan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi RQKQning turi, quvvati, ulanish joyi va ishlash rejimini tanlash masalalarini o‘z ichiga oladi. Ilgari bu masalalarni hal qilish faqat sanoat korxonalariga taalluqli bo‘lgan bo‘lsa, endi yuqorida ko‘rsatilgan iste'molchilarning barcha toifalari tushuniladi.
 
Quvvat koeffitsiyentining pasayishi oqibatida elektr energiyasining qo‘shimcha texnologik yo‘qotishlarini hisoblash tartibi ham Nizomga qo‘shimcha qilindi.
 
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va (yoki) Magistral elektr tarmog‘idan ta'minlanadigan iste'molchilar uchun quvvat koeffitsiyentining normativ qiymatini belgilash tartibi o‘rnatildi.
 
Hujjat 5.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid