Terma jamoamiz o‘yinlari, yangi tashkil etilgan Millatlar Ligasi yoki boshqa o‘rtoqlik o‘yinlari so‘nggi ikki haftada xumoringizni bosa oldimi, yo‘qmi, bilmadig-u, bugundan yana klublar o‘rtasidagi futbol qaytmoqda. Kelasi haftadan YeChL ham boshlanishi bois, top klublar o‘z o‘yinlarini ertaroq o‘tkazishadi, ya'ni aksariyat e'tiborli uchrashuvlar shanba kuni bo‘ladi. E'tiboringizda navbatdagi dam olish kunlari uchun qiziqarli uchrashuvlar anonsi.
TOTTeNHEM – LIVeRPUL (15 sentabr, 16:30)

Ajoyib futbol bo‘lishi shubhasiz. Har ikki murabbiy ham uchrashuv ahamiyati va natija bilan birgalikda, o‘yinning tomoshabopligiga ham urg‘u qaratadilar.
O‘yin oldidan jamoalarning bir xil pozitsiyada bo‘lishlari kutilgandi. Ammo Manchesterda ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritgan “Tottenhem” kutilmaganda Uotfordda mag‘lubiyatga uchradi. Aynan shu o‘yinda yangi stadionning ochilishi ko‘zda tutilgan holda, bu voqeaning ham noma'lum muddatga kechiktirilgani yana bir salbiy holatlardan biridir. Besh yillik yomon seriyadan so‘ng, nihoyat o‘tgan yili “Liverpul”ni yutishni uddasidan chiqqan “taqachilar” bu o‘yinda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushishlari aniq.
“Liverpul”ning holati biroz boshqacha va oldimizda qiziq savol turibdi. Bir tomondan, dastlabki 4 turni yuz foizlik natija bilan yakunlagan “Liverpul” juda yaxshi sport formasiga kirib olgandek tuyuldi va terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus bu ijobiy tendensiyaga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, aksincha, e'tibor bergan bo‘lsangiz, “Lester” bilan o‘yinda “Liverpul” mavsumdagi ilk golini o‘tkazib yubordi. Va umuman, o‘sha o‘yinda jamoa o‘yinida biroz pasayish va muammolar ko‘zga tashlandi. Balki mana shunday salbiy burilish nuqtasida tanaffus yuzaga kelgani Kloppning foydasiga ishlar? Bu farazlarning qaysi biri to‘g‘ri ekanini faqat uchrashuvdan so‘ng bilishimiz mumkin.
Shuningdek, har ikki jamoa kelasi haftada Yevropa Chempionlar Ligasida maydonga tushishlarini ham e'tiborga olish kerak. Har ikki jamoa juda murakkab guruhga tushishdi va qizig‘i,aynan 1-tur asosiy raqiblarga qarshi kechadi. “Liverpul” “PSJ”ga qarshi, “Tottenhem” esa “Inter” bilan o‘ynashi lozim.
“Liverpul”ga kelayotgan uch hafta xavas qilib bo‘lmaydi. Klopp shogirdlarini shu davr ichida “Tottenhem”, “Manchester Siti”, “PSJ”, “Napoli” va ikki marta “Chelsi” bilan o‘yinlarga tayyorlashi kerak bo‘ladi.
Tarkiblarga kelsak, “Tottenhem” safida Dele Allining maydonga tushishi so‘roq ostida. U terma jamoa yig‘inlarini ham oxiriga yetkazmay, ortga qaytishga majbur bo‘lgandi. Shuningdek, Erik Lamela va Ugo Lorislar jamoaga yordam bera olmaydilar. “Liverpul”da o‘zgarish yo‘q – Deyan Lovren va Adam Lallanalarning qaytishlariga 2-3 hafta bor.




















