O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan holda tanlash, tayyorlash, moslashtirish tadbirlarini o‘tkazish va xorijda ishga joylashtirish jarayonlarini samarali boshqarish va nazorat qilish orqali ularga xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga doir huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;
tashqi mehnat migratsiyasini kompleks tahlil qilish, shu asosda normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirishda ko‘maklashish;
mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini ta'minlash jarayonlarini tartibga solish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish va ularning faoliyatini nazorat qilish faoliyatini litsenziyalash, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasbiy malakasini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish borasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishchi organi funksiyalarini bajarish;
yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni va xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati uchun tasdiqnomalarni belgilangan tartibda berish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolarning xtssobini yuritish.
Agentlik o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘natish maqsadida xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini o‘rganadi, xorijiy ish beruvchilarni topadi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan holda tanlash to‘g‘risida xorijiy ish beruvchilar va xususiy agentliklar bilan shartnomalar tuzadi hamda ularning amalga oshishini ta'minlaydi;
o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib boradi, xalqaro, davlatlararo va idoralararo shartnomalar, bitimlar va bayonnomalar loyihalarini tayyorlaydi;













