KUN.UZ tahririyatiga Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani «Ravalliq» MFYda barpo etilgan namunali uy-joyda istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi. Oldinga o‘tib aytish kerakki, Kun.uz muxbiri mazkur murojaat yuzasidan aholi punktida bo‘lib qaytdi va murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan vajlar o‘z isbotini topdi. Boz ustiga, tahririyatimizga yo‘llangan murojaat xati juda puxta, ravon yozilgani uchun uni deyarli tahrirlamasdan e'lon qilishga qaror qildik.

«Albatta, ob-havo noqulay kelsa, gaz va elektr ta'minoti ta'mirlash ishlari ketayotgani bois vaqtincha uzilsa yoki muzlatgichda go‘sht qolmasa, bu — davlatning aybi emas.

Ammo Sharof Rashidov tumani «Ravalliq» MFYga qarashli 375ta namunali uy-joylar massivida yangi orzu-havaslar bilan ko‘chib borgan aholini qiynayotgan masalalar Yurtboshimizning «Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan kuyinchak talabiga mutlaqo mos emasligi bilan yuqoridagi ayblovga sabab bo‘lmoqda.

Gapni uzoqdan boshlaymiz.

Prezidentimizning «2017–2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinguniga qadar 2015 yilda Sharof Rashidov tumani «Toqchilik» mavzesida «Qishloq qurilish invest» MChJ Jizzax viloyati bo‘limi va pudratchi tashkilotlari bilan «hamkorlikda» barpo etilgan qog‘ozda bitgan amalda esa chala 3-xonali jami 325 ta kottejlarga aholi ko‘chib kela boshladi (Izoh: 2016 yilda qurilish boshlangan ana shu tipdagi 50 ta kottej hanuz chala ahvolda turibdi).

Avvalo, ushbu kottejlar noqulay dalaning o‘rtasida barpo etilgan. Mazkur joylarning o‘rni avval baliqchilik xo‘jaligi bo‘lib, keyinchalik xo‘jalik tugatilib, o‘rni fermer xo‘jaliklarga bo‘lib berilgan. Tevarak-atrof fermer xo‘jaliklariga qarashli paxta va g‘alla dalalari, to‘qayzorlar, qamishzorlar shuningdek, yantoqzorlar bilan o‘ralgan, yer osti suvlari nisbatan yaqin, tuprog‘i kuchli sho‘rlangan, zovur yaroqsiz holatga kelgan, buning ustiga qurilish chiqindilari to‘lig‘icha kottejlar hovlisiga to‘kilib, tekislangan.

Bu yerda yashovchi aholi uchun xar xil turdagi «noyob» hashoratlar yangilik emas, chunki ularning turi ham ko‘p soni ham. Tomorqani tomorqa qilish ham katta mablag‘, ishchi kuchini talab qiladi. Bir qish va yozni o‘tkazgandan so‘ng aholi uyni «odam» qilish uchun hali ko‘p mehnat va pul sarflash kerakligini bilib olishdi.