O‘zbekiston | 10:55 / 17.09.2018
11980
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 3ta yangi reys yo‘lga qo‘yiladi, Farg‘ona vodiysi shaharlarini bog‘lovchi parvozlar ko‘payadi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida Xususiy turistik tashkilotlar assotsiatsiyasi a'zolari va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK vakillari ishtirokida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

«Kun.uz»ga ma'lum qilishlaricha, uchrashuvda 2019 yil bahor-yozgi navigatsiya jadvalida uch yangi ichki reysni, shuningdek, aeroportlar va samolyotlarda xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatishning bir qator masalalarini hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Turistik operatorlar mamlakatning turistik markazlari o‘rtasida yangi reyslarni tiklash zarurligi haqida gapirishgan.

Turoperatorlar Urganch va Farg‘ona vodiysi shaharlarini bog‘laydigan parvozlarni joriy qilish zarurligi haqida fikr bildirishgan. Bunday reysning paydo bo‘lishi ko‘plab chet ellik mehmonlarga Qo‘qon, Marg‘ilon, Rishton, Chust va Farg‘ona vodiysining boshqa arxeologik va arxitektura yodgorliklari, hunarmandchilik va urf-odatlariga qiziqish uyg‘otadigan boshqa joylarni ko‘rish imkonini beradi. Mamlakatning eng yirik turistik markazlarining Farg‘ona vodiysi shaharlari bilan tezkor va qulay aloqa o‘rnatishi sayohatchilar uchun takliflar ro‘yxatini sezilarli darajada kengaytiradi, mavjud yo‘nalishlarni yanada boyitadi.

Turoperatorlar va aviatorlar «Buxoro-Urganch» yo‘nalishi bo‘ylab parvozlarni amalga oshirishga kelishib olishgan, bu esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga yordam beradi.

«Toshkent - Urganch» parvozi juma kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu reysning joriy etilishi Xorazm viloyatining turistik infratuzilmasini bir maromda joylashtirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish zarurati bilan bog‘liq.

Shuningdek, aviatorlar bilan uchrashuvda turoperatorlar vakillari aeroportlarda va parvozlar vaqtida turistik guruhlarga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada takomillashtirish masalalarini batafsil muhokama qilishgan. Barcha masalalar bo‘yicha muammolarni o‘zaro tushunish va ularni hal qilish usullariga erishilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid