O‘zbekiston | 18:40 / 19.09.2018
4428
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat avtovokzallari tarmog‘ini rivojlantirish bilan yangi korxona shug‘ullanadi

“O‘zavtovokzal servis” DUK tashkil etildi. Korxona Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 15ta davlat avtovokzallari va avtostansiyalarini boshqaradi.
 
Bu Vazirlar Mahkamasining 10.09.2018 yildagi “Davlat avtovokzallari va avtostansiyalarini boshqarish samaradorligini ta'minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 712-son qaroridan kelib chiqadi, deb yozmoqda Norma.
 
“O‘zavtovokzal servis” DUK “Toshkent viloyati avtovokzallari va yo‘lovchilar avtostansiyalari bosh ishlab chiqarish korxonasi” DUKni qayta nomlagan holda tashkil etildi. O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi korxonaning muassisi bo‘ldi.
 
“O‘zavtovokzal servis" DUKga Qoraqalpog‘iston va boshqa viloyatlarda filiallar tashkil etish huquqi berildi.
 
Yuqorida aytilganlarga qaraganda, “O‘zavtovokzal servis” DUK nafaqat o‘ziga berilgan avtovokzallar va avtostansiyalarni boshqaradi, balki mamlakatimizning butun hududi bo‘yicha yo‘lovchilar infratuzilmasini rivojlantirish uchun yangilarini barpo etadi.
 
Hujjat 12.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid