O‘zbekiston | 14:38 / 19.09.2018
48921
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi viza olish jarayonini soddalashtirdi

Foto: KUN.U

2018 yil 21 sentabrdan boshlab Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tanlangan to‘qqizta vakolatli sayyohlik firmalari orqali hujjatlarni taqdim etishning yangi tartibini joriy etmoqda.

«Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlanishi munosabati bilan viza olish uchun ariza berganlar soni keskin o‘sdi. Bu esa, o‘z navbatida, tekshirish va viza berishda biroz kechikishlarga, ariza beruvchilarning hujjatlarni topshirish vaqtida va natijalarni olishida kutib qolishiga olib keldi», - deyiladi elchixona xabarida.

Yuqoridagi muammolarni hal qilish maqsadida elchixona to‘qqizta sayyohlik firmasini tanlab oldi, ular viza olish uchun hujjatlarni topshirish va elchixonaning o‘rniga vizalarni yoki rad javobini berish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradi.

Diplomatik missiyadan ta'kidlashlaricha, shu sababli murojaat etuvchilar qulay joylashgan vakolatli sayyohlik firmalariga hujjatlarni taqdim etishlari va u yerdan tayyor vizalarni olishlari mumkin. Shu tariqa, ularning vaqti va puli tejaladi. Ushbu qoida hujjatlarni topshiruvchi O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari va xorijiy fuqarolarga nisbatan amal qiladi.

Shuni nazarda tutingki, 2018 yil 21 sentabrdan 2018 yil 1 oktabrgacha elchixona hujjatlarni qabul qilish va natijalarni berish faoliyatini vakolatli sayohatlik firmalari bilan birgalikda amalga oshiradi.

Shu bilan birga, 2018 yil 2 oktabrdan boshlab hujjatlarni qabul qilish va natijalarni berish faqatgina vakolatli turistik firmalar orqali amalga oshiriladi.

Vakolatli sayyohlik firmalari Toshkent va Samarqandda joylashgan.

Sayyohlik firmalari ro‘yxati: GOLDEN TOUR, VIP-LARUS, ORIGINAL EVEREST, AYURVEDA TOUR, ORIENT DESK SERVICE, FLY TEAM, BESTA, ONGDALSAM (Samarqand) va ASPAN TOUR.

Mavzuga oid