Moliya vazirligi elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanganlik uchun ortiqcha (xato ravishda) o‘tkazilgan mablag‘larni Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasidan iste'molchiga qaytarish qoidalarini ishlab chiqdi, deb yozmoqda Norma.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 15.06.2017 yildagi PQ–3060-son qaroriga (2-ilova)muvofiq, elektr energiyasi va tabiiy gazni sotishdan tushgan mablag‘larning 10%i Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirishga yo‘naltiriladi. Shu munosabat bilan kommunal xizmatlar ortiqcha to‘lov summasini mustaqil ravishda to‘liq qaytara olmaydilar.
Shu sababli Respublika iste'molchilariga elektr energiyasi va tabiiy gazni milliy valyutada sotishdan tushadigan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish manbasi sifatida belgilangan mablag‘larni hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi algoritmni kiritish taklif etilmoqda:
1) elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ortiqcha (xato ravishda) o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarish uchun iste'molchi «O‘zbekenergo» AJ yoki «O‘ztransgaz» AJ hududiy bo‘linmalariga yozma ariza bilan murojaat qilishi zarur;
2) iste'molchining yozma arizasi asosida «O‘zbekenergo» AJ yoki «O‘ztransgaz» AJ hududiy bo‘linmasi Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limi bilan birgalikda elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun kelib tushgan, ortiqcha (xato ravishda) o‘tkazilgan mablag‘lar haqida dalolatnoma tuzib, uni mazkur bo‘linmalarning rahbarlari va bosh buxgalterlari imzolaydilar;
3) lozim darajada rasmiylashtirilgan dalolatnoma 3 bank ish kuni mobaynida «O‘zbekenergo» AJ yoki «O‘ztransgaz» AJning yuqori turuvchi organiga taqdim etiladi;
4) «O‘zbekenergo» AJ yoki «O‘ztransgaz» AJning yuqori turuvchi bo‘linmasi kelib tushgan dalolatnoma asosida 5 bank ish kuni mobaynida ortiqcha (xato ravishda) o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida reyestrlar tuzadi va mazkur reyestrlarni Jamg‘armaga taqdim etadi;
5) Jamg‘arma taqdim etilgan reyestrlar asosida 3 bank ish kuni mobaynida ortiqcha (xato ravishda) o‘tkazilgan mablag‘larni «O‘zbekenergo» AJ hududiy bo‘linmalarining 22604000KSSSSSSSS999 schyotiga yoki «O‘ztransgaz» AJ hududiy bo‘linmalarining 20210000KSSSSSSSS001 schyotiga qaytaradi.
MIB elektr energiyasi va gaz uchun ortiqcha to‘lovni qanday qaytaradi?
21:28 / 21.09.201817 9964 min

















