O‘zbekiston | 16:07 / 25.09.2018
72176
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dollar kursining o‘sish sababi ma'lum qilindi

Foto: homelight

Valyuta kursining «o‘ynashi»ga qanday omillar sabab bo‘lmoqda? Kursning pasayish yoki ko‘tarilishi nimalarga bog‘liq?

Bu savollarga Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Markaziy banki hamda “Qishloqqurilishbank”ning qo‘shma anjumanida mutaxassislar javob berdi, deb yozadi O‘zA.

– Dollarning tushishi yoki ko‘tarilishi boshqa valyutalarga qarab belgilanadi. Keyingi vaqtlarda tadbirkorlarimiz chetdan ko‘p miqdorda mahsulot olib kelmoqda. Bu esa xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

Agarda o‘ylab ko‘rilsa, har bir davlatning o‘z milliy valyutasi mavjud bo‘lib, avvalgi davrlarda uning vazifasini (ekvivalentini) oltin bajargani hammaga ayon. Shu bois, bu haqda iqtisodchilar davlatning oltini qancha ko‘p bo‘lsa, u shunchalik badavlat degan fikrni ilgari surishadi.

Biroq, bugungi kunga kelib, oltinning o‘rnini Amerika dollari va yevro egallamoqda. Shuning uchun bugungi kunda dunyo aholisi barcha xalqaro iqtisodiy munosabatlarning etaloni sifati dollar yoki yevroni qabul qilmoqda. Demak, valyutalarning kursi ham uning «kayfiyatiga» qarab o‘zgarmoqda. Valyuta kursi ko‘p hollarda o‘z milliy valyutasi bor davlatning siyosatiga va «jahon xo‘jaligi»dagi moliyaviy ahvolga bog‘langan bo‘ladi.

Valyuta kursining «borib-kelishi»ni ya'ni pasayishi yoki ko‘tarilishini bashorat qilish murakkab bo‘lsada, bozor iqtisodiyoti tamoyillari nuqtai nazardan aytganda kursning oshishi tabiiy hol.

Misol uchun, mamlakatga valyutaning kelib tushishi shu yerdagi jahon bozoriga tovarlar chiqarayotgan va xizmatlar ko‘rsatayotgan eksportyorlarning faoliyatiga bog‘liq. Ular ishlab chiqarish zarurati uchun shu davlat milliy valyutasini sotib olib, xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni shakllantiradi. Demakki, mamlakat eksport salohiyati qanchalik yuqori bo‘lsa, tashqi savdo balansi qanchalik musbat bo‘lsa, milliy valyuta kursi shunchalik baland bo‘ladi yoki buning aksi kuzatiladi.

Valyuta kursiga ta'sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri bu importchi kompaniyalarning milliy valyutaga bo‘lgan taklifidir. Import qanchalik ko‘p bo‘lsa, milliy valyuta bo‘yicha taklif ham shunchalik o‘sadi.

Mavzuga oid