Bu hafta yevrokuboklarda tanaffus bo‘lgani bois, ligalar hosil bo‘lgan ushbu ochiq kunlardan foydalanib qolishmoqda. Natijada, biz ham zerikmaymiz, og‘ir ish kunlaridan so‘ng Yevropa futbolidan bahra olish imkoniyatiga egamiz. Kuchli beshlikdagi to‘rt ligada navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tsa, Angliyada Liga kubogi qizg‘in pallaga qadam qo‘ymoqda.

INTeR – FIOReNTINA (25 sentabr, 23:55)

Mavsum boshida «Yuventus»ga chinakamiga qarshilik qila oladigan asosiy da'vogar sifatida tilga olingan, lekin ilk 4 turda 4 ochko jamg‘arib, navbatdagi mavsum ham beqarorlikda o‘tishi haqida taxminlarni paydo qilgan «Inter» so‘nggi haftani juda ajoyib o‘tkazdi. To‘g‘ri, jamoa ko‘rsatgan o‘yinni mukammal deb bo‘lmaydi, lekin to‘rt kun ichida ikki marta so‘nggi daqiqalarda g‘alaba golini urish anoyi ish emas, to‘g‘rimi? Ayniqsa, bu g‘alabalardan biri juda omadsiz boshlangan o‘yinda «Tottenhem» ustidan qozonilgan bo‘lsa? Natijada, «Inter» Chempionlar Ligasidagi murakkab guruhda juda yaxshi pozitsiyaga chiqib oldi. O‘z uyida hatto «Napoli»ni yirik hisobda yenga olgan «Sampdoriya»ni yutib kelish esa, keyingi bonus bo‘ldi. «Inter»ning kayfiyati jangovor holatda.

Ammo bugungi raqib ham kuchli. «Fiorentina» mavsumni juda kuchli boshladi. «Fialka» 5 o‘yinda 3 g‘alabaga erishib, turnir jadvalida uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Jamoa faqat Neapolda «Napoli» bilan teng o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan xolos. Florentsiyaliklar «Inter» maydonida ham hayiqmay to‘p surishlari e'tiborga molik – bu yerda o‘tgan so‘nggi 4 o‘yinning ikkitasida mehmonlarning qo‘li baland kelgan.

Shu bir haftada ikki marta og‘ir o‘yinda maydonga tushgan «Inter» uchun yana bir o‘yin balki og‘irlik qilishi mumkin. Bu tomondan ham «Fiorentina»da ochko olish imkoniyati katta. Bu o‘yinni o‘tkazib yubormaslik kerak.  

MANCheSTeR YuNAYTeD – DeRBI (25 sentabr, 23:55)

Bugun Angliyada Liga kubogi o‘yinlari boshlanadi. Premer Liganing barcha klublari, jumladan, top-klublar ham kurashni boshlaydi. O‘yinlar ichidan aynan «MYu»ning qo‘yi liga vakili bilan uchrashuvini alohida ajratish shart emasdir balkim. Ammo bu o‘yinda ham e'tiborga arziydigan bir qator jihatlar bor.

Birinchidan, «MYu»ning «Old Trafford»dagi navbatdagi muvaffaqiyatsizligi va qayta alanga olgan Pogba – Mourino munosabatlari. Fransiyalik yarim himoyachi «Vulverhempton»ga (1:1) qarshi o‘yin haqida to‘xtalar ekan, «MYu» kabi jamoa bunday jamoalar bilan faqat hujumkor o‘ynashi kerakligini aytib, yana Joze Mourino tarafga tosh tashladi. Ba'zi internet nashrlari esa, aslida, Pogbaning bu gaplariga Jozening o‘yindan keyingi tanbehlari sabab bo‘lganini yozishmoqda. Emishki, mehmonlar kiritilgan golga sabab bo‘lgan xatoni amalga oshirgan Pogba murabbiydan yaxshigina gap eshitgan. Bu o‘yin mana shu munosabat, umuman so‘nggi o‘yindagi omadsizlikka o‘ziga xos reaksiya bo‘lishi mumkin. «Derbi» kabi jamoalarga qarshi endi «MYu» o‘ta hujumkorlik o‘yin qiladimi yoki Pogba aytgan gaplari uchun yana zaxiraga o‘tiradimi? Yoki umuman turnir nuqtai nazaridan Mourino bir qancha yetakchilarga, jumladan Pogbaga ham dam berishi mumkin.