O‘zbekiston | 12:54 / 26.09.2018
119384
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda valyuta «qora bozori» faollashdi

Kun.uz manbalarining xabar berishicha, ko‘plab joylarda yana valyutafurushlar paydo bo‘lgan.

«Ular bu yerda 6 oydan ortiq vaqt davomida ko‘rinish bermagandi. Odatda bu yerga faqat kechqurun kelishgan, lekin o‘zlarining doimiy mijozlari bilan ishlashgan. Endi istalgan kishiga xizmat ko‘rsatishmoqda», - deydi manbalardan biri.

Valyutafurushlar eski nuqtalarida faolroq ishlay boshlaganlar: bozorlar, uylar yaqinida va ayrim ko‘chalardagi «maxsus joylarda».

Manba ma'lumotlariga ko‘ra, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida olti nafar valyutafurush o‘zining eski joyiga qaytib kelgan.

«Ular g‘oyib bo‘lgandi, ammo endi yana paydo bo‘lib qolishdi», - deydi manbalar.

Buning sababi bitta: shov-shuv. Odamlar so‘nggi vaqtlarda kurs o‘sib borayotgani tufayli dollarni faollik bilan sotib olmoqda.

«Ular nima qilyapti? Kimdir dollar kursi 10-11 ming so‘mgacha ko‘tarilishi haqida mish-mish tarqatmoqda. Natijada, ko‘plab odamlar o‘zlarining barcha mablag‘larini dollarga o‘tkazishmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, valyutafurushlar uchun foydali. Ularning biznesi yana kuchaymoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi Kun.uz’ning bank tizimidagi manbalaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni O‘zbekiston Markaziy banki valyutalar yangi kursini belgiladi. AQSh dollari qiymati 40,28 so‘mga oshdi va rasmiy kurs 8079,28 so‘mni tashkil etdi.

Xulosa: bank xodimlari va rahbarlari O‘zbekiston bank tizimiga aholining ishonchini kuchaytirishi shart.

Mavzuga oid