Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “ 2018-2019 yillarda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, respublika ishchi guruhi tomonidan mahallalarni uyma-uy aylanib chiqish, ijtimoiy soha obektlariga va ishlab chiqarish obektlariga tashrif buyurish orqali Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘rganib chiqilgan.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni o‘rganish yakunlari bo‘yicha mahalla, tuman va viloyat darajalarida hal etilishi talab qilinadigan tizimli muammolar va kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Hujjat bilan 2018-2019 yillarda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida kafolatli ish o‘rinlari tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.

Namangan viloyati hokimligi:

manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta'minlaydi va bu borada investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning mo‘ljallangan hajmlariga erishish va yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutadi;

muammoli masalalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi.

Namangan viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Yangiqo‘rg‘on tumanida 174 gektar yer maydonida zamonaviy sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion zonalar, shuningdek oilaviy mehmonxona majmualari va boshqa turistik infratuzilma obektlari, shu jumladan, ekoturizmni tashkil etish uchun suv attraksionlari hamda oilaviy dam olishga hududga keluvchi mehmonlar va turistlar uchun “Nanay” kichik turistik zonasini barpo etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

“Nanay” kichik turistik zonani yanada rivojlantirish Kontseptsiyasi hamda “Nanay” kichik turistik zonani yanada rivojlantirish Kontseptsiyani amalga oshirilishi bo‘yicha chora-tadbirlari tasdiqlanadi.