Sport | 12:10 / 27.09.2018
9608
6 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2024 mezbonligi uchun Germaniya – Turkiya qarama-qarshiligi: bugun g‘olib aniq bo‘ladi

Foto: Deutsche Welle

Bugun, 26 sentabr kuni UYeFA 2024 yilgi Yevropa chempionatining final bosqichi qaysi mamlakatda bo‘lishini e’lon qiladi. Da’vogarlar ikkita – Germaniya va Turkiya.

Avvalboshdan faqat ushbu ikki davlat mezbonlik uchun kurashib keldi. Germaniya 2014 yil sentabr oyida Angliya hukumati bilan kelishib olgan bo‘lib, unga ko‘ra inglizlar Yevro-2024`ga da’vo qilmaydigan bo‘ldi. Buning evaziga germaniyaliklar Yevro-2020 ning hal qiluvchi o‘yinlari (yarim final va final bahslari) Londonda o‘tishiga qarshilik ko‘rsatishmadi. Shu tariqa, Germaniya asosiy raqibi deb ko‘rilgan nomzod bilan murosa yo‘lini tanlab, 10 yildan keyingi musobaqani o‘zida o‘tkazish uchun katta qadam tashlagan edi.

Germaniya hozirga qadar 2 marta Jahon chempionati va 1 marta Yevropa chempionatini o‘zida qabul qilgan. Turkiyada esa bunday yirik musobaqalarga mezbonlik qilish tajribasi yo‘q.

Saylov kampaniyasi davomida nemislar UYeFAni o‘z mamlakatining barqaror va xavfsiz ekani, Yevropa Ittifoqiga a’zo ekani va qit’a markazida joylashgani butun Yevropadan tashrif buyuradigan muxlislarga qulaylik tug‘dirishini katta ustunlik sifatida ko‘rsatib keldi. O‘z navbatida, Turkiya tomoni 2008, 2012 va 2016 yilgi Yevropa chempionatlari mezbonligi uchun kurashda qatnashib, imkoniyatni boy bergani tufayli qit’a futbolining bosh tashkiloti nihoyat ushbu mamlakatga ishonch bildirishidan umid qilmoqda.

Jumladan, Turkiya Yevro-2016 mezbonligi uchun saylovda birgina kam ovoz to‘plagan holda Fransiyaga imkoniyatni boy bergan edi. UYeFAning o‘sha vaqtdagi prezidenti Mishel Platini bunda asosiy to‘siq bo‘lgani aytilgan. Shundan so‘ng Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumati 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati va yozgi Olimpiada mezbonligi uchun kurashlarni ham muvaffaqiyatsiz yakunladi.

Germaniya rasmiylari davlatning ijtimoiy sohadagi siyosati turklarnikiga qaraganda ancha demokratik va ochiqroq ruhda ekanini ta’kidlab kelishdi. Xususan, ikki davlatning tayyorgarligi to‘g‘risidagi UYeFA hisobotida ham Turkiyada «inson huquqlari borasida harakatlar rejasining mavjud emasligi e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan omil» ekani qayd etib o‘tilgan.

Ta’kidlash o‘rinliki, tarixda ilk marotaba yirik futbol musobaqasi mezbonini aniqlash mezonlari orasiga inson huquqlari ta’minotining darajasi ham kiritildi. Yevro-2024ni o‘zida o‘tkazish uchun UYeFAga ariza bilan chiqqan mamlakatlardan BMTning «Biznes va inson huquqlari sohasidagi asosiy prinsiplar»i bo‘yicha ham hisobot taqdim etish so‘raldi.

Foto: Getty Images

Ikkala nomzod ham 51 ta o‘yindan iborat bo‘ladigan musobaqa uchun 10 tadan stadionni taqdim etgan.

Germaniyadagi arenalarning barchasi hozirning o‘zidayoq tayyor holatda va ular orasidan faqat Dyusseldorfdagi stadiongina JCh-2006 o‘yinlaridan chetda qolgan. Berlin (70 ming tomoshabinga mo‘ljallangan) va Myunxendagi (60 ming) asosiy o‘yingohlar final bahsini qabul qilishi mumkin. Ushbu stadionlar 2012 va 2015 yillarda Yevropa Chempionlar ligasi finaliga mezbonlik qilgan.

Turkiya taqdim etgan arenalar orasida Anqaradagi bosh stadion hozir kengaytirish ishlari ketayotgani munosabati bilan foydalanishga shay holatda emas. Agar bu mamlakat Yevro mezbonligini qo‘lga kiritsa, Istanbuldagi «Otaturk» olimpiya stadioni YeChL-2020 finalidan keyin qaytadan quriladi va tomoshabinlar sig‘imi 85 ming kishiga yetkaziladi.

Ba’zi kuzatuvchilar YeChLning 2020 yilgi finalini o‘tkazish huquqi Turkiyaga berilgani bejizga emasligi, bu bilan UYeFA turklarning qit’a chempionati uchun arizasini yana bir marta rad etishga hozirlik ko‘rgan bo‘lishi mumkinligi haqida aytishmoqda.

Foto: Zuma Press

Ikki mamlakatdan tashqari, UYeFA haqida ham gapiradigan bo‘lsak, tashkilotning Yevropa chempionatlari orqali topadigan daromadi o‘z qaramog‘idagi 55 ta federatsiyani moliyalashtirishda katta yordam beradi. 24 jamoa ishtirok etgan 2016 yilgi ilk qit’a birinchiligida UYeFAning daromadi 2 milliard yevro atrofida bo‘ldi (2,35 mlrd dollar), foyda esa 847,3 mln yevroni tashkil etdi. Tashkilot shundan 610,5 mln yevroni o‘ziga a’zo federatsiyalarni 2020 yilga qadar moliyalashtirishga yo‘naltirdi. Ya’ni, har bir federatsiyaga 11,1 mln yevrodan ajratildi.

«Masalaning iqtisodiy jihati o‘ta muhim ahamiyatga ega», - degan edi UYeFA prezidenti Aleksander Cheferin Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida.

Darhaqiqat, moliyaviy tomondan qaralsa, Turkiyaning imkoniyatlari Germaniyanikidan sezilarli kamroq ekani haqiqat. Nemislar 300 mingdan oshiqroq chipta sotilishini va’da qilgan. Turkiya arizasida ko‘rsatgan 10 ta stadiondan 3 tasining sig‘imi 35 mingdan kamroq, Germaniya taklif etayotgan arenalarning har biri esa kamida 46 ming tomoshabinni o‘z bag‘rida sig‘dira oladi. Albatta, turklarning bu borada biroz ustunlik tarafi yo‘q emas. Arizadagi barcha stadionlar Turkiya Sport vazirligiga qarashli va hukumat ularni UYeFAga bepul asosda ijaraga berishga tayyor.

Darvoqe, Turkiya lirasining so‘nggi vaqtlarda UYeFA ish ko‘radigan valuta – yevroga nisbatan o‘z qiymatini qariyb ikki barobarga yo‘qotgani ham e’tiborga olinishi shubhasiz.

Bugun UYeFA Ijroiya qo‘mitasining 17 a’zosi Yevro-2024 mezbonini aniqlashda ovoz berish uchun Shveytsariyaning Non shahridagi bosh shtab-kvartirada yig‘iladi. Ovoz berish oldidan yakuniy taqdimotlar bo‘lib o‘tadi. Yakuniy xulosa Toshkent vaqti bilan soat 18:00da e’lon qilinishi kutilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid