O‘zbekiston | 14:00 / 27.09.2018
25042
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya ta'minoti tizimi takomillashtirildi

Foto: KUN.UZ

Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq vaqtinchalik propiskaning yoki yashash uchun ruxsatnomaning amal qilish muddatining tugashi bilan vaqtinchalik propiskaning keyingi sanasi o‘rtasida uzilish mavjud bo‘lgan taqdirda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan nafaqani to‘lash vaqtinchalik propiskaning yoki yashash uchun ruxsatnomaning yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi. Bunda nafaqani to‘lash nafaqa to‘lash to‘xtatilgan paytdan, biroq o‘n ikki oydan ortiq bo‘lmagan paytdan boshlab davom ettiriladi.

Shuningdek, endilikda Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmalari fuqarolarga ish stajini tasdiqlash uchun sudlarga da'volar tayyorlashda ko‘maklashadilar.

Mehnat daftarchasidagi sud tartibida soxtalashtirilgan deb topilgan yozuvlar mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davriga kiritilmaydi.

Pensioner xorijiy davlatda bo‘lgan va sog‘ligi tufayli O‘zbekistonga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holatlarda pensioner O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga pensiya to‘lovini tiklash uchun murojaat etishi mumkin.

Endilikda, chet elda yollangan holda ishlovchi fuqaro Pensiya jamg‘armasiga yiliga eng kam oylik ish haqining to‘rt yarim barobari miqdorida sug‘urta badallari to‘lagan taqdirda uning chet elda ishlagan vaqtiga ish staji hisoblanishi belgilandi. (ilgari ish staji hisoblanishi uchun har oyda eng kam oylik ish haqining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda badal to‘lashi lozim edi).

Mavzuga oid