«Barselona» bugun Chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-turi doirasida jiddiy o‘yinda maydonga tushadi. Jamoa ichki chempionatda keyingi o‘yinlarni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi.

Ishonchsiz start
Ispaniya La Ligasida keyingi ikki mavsumda 7 tur o‘yinlaridan keyin bir jamoa - «Barselona» turnir jadvalining birinchi o‘rnida turgan. Ammo bu ikki mavsumdagi ko‘rsatkichlar keskin farq qiladi. O‘tgan yili kataloniyaliklar jamoasi 7 o‘yinda bitta ham ochko yo‘qotishmagandi va to‘plar nisbati 23-2 ko‘rinishida bo‘lgandi. Bu safar esa butunlay boshqa manzara: 7 o‘yinda 21 ochko o‘rniga 14 (4-2-1). To‘plar nisbati esa 18-8.

Aytish mumkinki, hozirda ko‘k-anorranglilar jamoasi pelotonning boshida ketmoqda va raqiblar ham ortda qoldirilmagan. «Real»da ham 14 ochko va madridliklar to‘plar nisbati tufayli ikkinchi o‘rinda, uchinchi o‘rindagi «Sevilya»da 13, to‘rtinchi o‘rindagi «Atletiko»da 12 ochko bor.

«Barselona» yana oqsay boshlagani sababi nimada?

Ko‘rsatkichlar o‘sib, natija pasaygan
Jamoaning ikki mavsumdagi natijalarini solishtirish orqali yuqoridagi savolga javob topish mumkin. «Barselona» hujumkorligi bu mavsumda yanayam o‘sgan - joriy mavsumning 7 o‘yinida kataloniyaliklar o‘tgan mavsumning 7 turidagiga qaraganda ko‘proq zarba berishgan va bu zarbalarning ko‘proq qismi darvozaga aniq yetib borgan: o‘tgan mavsumdagi 105 zarba/53 aniq zarbaga qarshi bu mavsumdagi 124 zarba/60 aniq zarba. To‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi ham oshgan: 55,7 foizga qarshi 63,6 foiz. Demak, gap vaziyatlarning golga aylantirmayotganida - vaziyatlar yaratilmoqda, ammo hujumlar gol bilan yakunlanmayapti.

Messi va Suaresning jimligi

Ko‘k-anorranglilar jamoasining asosiy to‘purarlari bu mavsumda to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishmayapti. Bir yil muqaddam mavsumning bu vaqtida argentinalik hujumchi chempionat o‘yinlarida 11 gol urib ulgurgandi, jumladan, «Espanol» darvozasiga het-trik va «Eybar» darvozasiga poker. Hozir esa Messi atigi 5 gol urgan va uning hujumdagi faolligi keskin tushib ketgan. O‘tgan mavsumning bu davrida u 50ta zarba berib, shundan 25tasini darvoza tomon aniq yo‘llagan bo‘lsa, hozirgi ko‘rsatkichi 31/16. Odatda mavsumni qiyin boshlaydigan Suaresda ham ko‘rsatkichlar nisbatan pasaygan: O‘tgan mavsumda u 7 turning 4tasida maydonda bo‘lib, 2 gol urgandi. U o‘sha o‘yinlarda jami 13 zarba bergan, shundan 6tasi darvoza tomon aniq borgandi. Bu mavsumda esa 7 o‘yinda ham maydonga tushib, 3 gol urdi, 20ta zarba berdi, shundan 10tasi aniq.