Shu kunlarda Meksika hukumati port shahar va turistik markaz bo‘lgan Akapulkoda keskin choralarga o‘tdi. U yerda jinoyat olami bilan aloqadorlikda gumonlangan butun mahalliy politsiya qurolsizlantirildi. Bir nechta ofitser hibsga olindi. Xodimlar tekshiruvdan o‘tadi. Ularning vazifasini esa hozircha shtat politsiyasi va harbiylar bajarib turadigan bo‘ldi.

Bunday holat birinchi bor yuz berishi emas. Keyingi bir necha yil ichida Gerrero shtatida bunday holat bir necha shaharlarda sodir bo‘ldi. Shtat poytaxti Chilpasingoda o‘smirlarni o‘g‘irlash va o‘ldirishda gumon qilinib barcha politsiyachilar ishdan bo‘shatildi. Yana bir shaharda soxta politsiyachilar aniqlandi – ular bo‘limlarda ishlagan, politsiya libosida yurishgan, qurolli bo‘lgan, ammo politsiyada rasman qayd etilmagan. 

Politsiyaning jinoyat olami bilan aloqadorligi nafaqat Meksikada, balki mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham keng tarqalgan muammodir. Maoshning pastligi va kriminal guruhlarning ta'siri (agarda pora ish bermasa, tahdidlarga o‘tiladi) korrupsiya uchun sharoit yaratadi.

Bir necha yil avval Gerrero shtatida 40dan ortiq talaba yo‘qolib qoldi – surishtiruvlardan ma'lum bo‘lishicha, ular politsiya tomonidan o‘g‘irlanib, jinoiy to‘dalardan biriga topshirilgan va o‘ldirilgan. Yana bir taxminga ko‘ra, ularni adashib raqobatchi guruh a'zolari deb o‘ylashgan. Boshqa taxminga ko‘ra esa, ular talabalar namoyishining oldini olish uchun mahalliy mer buyrug‘i bilan o‘ldirilgan.

Akapulko qotilliklar eng yuqori darajadagi shahar hisoblanadi (o‘tgan yili 100 ming kishiga 107 qotillik to‘g‘ri kelgan), matbuot shaharni «Meksikaning qotilliklar bo‘yicha poytaxti» deb atagan. Bu yerda jinoiy guruhlar narkotrafikni nazorat qilish uchun kurash olib borishadi. Guruhlar hattoki ruhoniylardan ham yig‘im undirishadi.

Vaziyat

Lotin Amerikasida dunyo aholisining 8%ga yaqini istiqomat qiladi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, jahonda sodir etiladigan qotilliklarning qariyb uchdan bir qismi ushbu mintaqaga to‘g‘ri keladi. Birgina Braziliyada 2016 yilda 60 mingdan ortiq ana shunday jinoyatlar qayd etilgan (Xitoyda 8,5 mingga yaqin, butun Yevropa Ittifoqida esa 5 mingga yaqin). Qotillik darajasi keyingi o‘n yilliklarda o‘sgan. 2000 yildan 2017 yilgacha mintaqada 2,5 mlnga yaqin kishi o‘ldirilgan – bu shu davr ichida Afg‘oniston, Suriya va Iroqdagi harbiy to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar sonidan ko‘p. 

Buning sabablari ma'lum - xalqaro narkotrafik, kartellar urushi, politsiya va sudlarning samarasizligi, qurolga erishishning osonligi. Boshqa sabablar sifatida bandlik bilan muvofiq kelmaydigan tezkor urbanizatsiya va yuqori darajadagi iqtisodiy tengsizlikni keltirib o‘tish mumkin.