4 oktabr kuni AQSh adliya vazirligi yetti nafar rossiyalikka AQShga qarshi “yovuz maqsadlarda kiberfaollik” ko‘rsatish bo‘yicha ayblov e'lon qildi. Vazirlikning bildirishicha, ularning barchasi Bosh shtab bosh boshqarmasi (GRU)ning xodimlari hisoblanishadi va 2014 yildan 2018 yil mayigacha AQSh va uning tashqarisidagi antidoping agentliklari va tashkilotlariga, xususan Jahon antidoping agentligi (WADA), AQSh antidoping agentligi (USADA), Sport arbitraj sudi (CAS), Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF), FIFA va yana 34ta tashkilotga xakerlik hujumlari uyushtirishgan. Bu haqda AQSh prokurori Skott Breydi adliya vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida ma'lum qildi. Vazirlik va FQB vakillarining ta'kidlashlaricha, ular shuningdek, Ukrainaga atom reaktorlari uchun yoqilg‘i yetkazib beruvchi Westinghouse kompaniyasi serverini buzib kirishgan va Niderlandiyada joylashgan Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) tarmog‘ini buzib kirishga urinishgan.

Adliya vazirligining ta'kidlashicha, gumonlanuvchilarning harakatlari natijasida akkauntlari va pochta qutilari buzib kirilgan 30 mamlakatning 250 sportchisi va o‘nlab tashkilotlar jabr ko‘rgan. Gumonlanuvchilarning uchtasi - Ivan Yermakov, Artem Malishev va Dmitriy Badinga AQShdagi 2016 yilgi saylovlarga aralashish ayblovi shu yilning iyunida e'lon qilingan. Ularning barchasi Moskvadagi 26165-qism harbiy xizmatchilari deb atalmoqda.
AQShning bildirishicha, qolgan to‘rt kishi —Aleksey Morenets, Yevgeniy Serebryakov, Oleg Sotnikov va Aleksey Minin ham o‘sha qism xizmatchilari hisoblanadi. 4 oktabr kuni Gaagada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Niderlandiya mudofaa vaziri Ank Beyleveld va milliy harbiy razvedkasi vakili Onno Eyxelseyn ularning KQTT kompyuter tarmog‘ini buzib kirishga urinishdagi roli haqida batafsil ma'lumot bergandi.
Niderlandiya hukumatining ma'lumotiga ko‘ra, ular 10 aprel kuni Amsterdamdan Gaagaga uchib kelishgan va ularni Rossiya elchixonasi xodimi kutib olgan. Uch kundan so‘ng ular ijaraga olingan Citroen avtomobilini KQTT binosi yaqinidagi mehmonxona yoniga qo‘yishadi. Avtomobilda tashkilot tarmog‘ini buzish imkonini beradigan qurilma: Wi-Fi va smartfonga ulangan kompyuter, batareya va antenna solingan sumka bo‘lgan. Golland tomonining sa'y-harakati tufayli ular tarmoqni buzib kira olishmaydi. Qurilma musodara qilinadi, rossiyaliklar esa mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Niderlandiya va Buyuk Britaniya hukumatlari vakillari gumondorlar KQTT tarmog‘iga kirishga tashkilot Sergey va Yuliya Skripallar zaharlanishi bo‘yicha tekshiruv olib borayotgan vaqtda urinishganiga e'tibor qaratishgan. Ularning fikricha, rossiyaliklarning navbatdagi nishoni Shveytsariyaning Shpits shahridagi kimyoviy laboratoriya bo‘lgan.
















