Jahon | 00:55 / 07.10.2018
35852
2 daqiqa o‘qiladi

30 yil eshikka tirgovuch bo‘lgan toshning bahosi 100 ming dollar bo‘lib chiqdi

Foto: cmich.edu

Amerikaning Michigan shtatida istiqomat qiluvchi fermer 30 yil mobaynida saroyining eshigiga tirgovuch sifatida toshdan foydalanib kelgan. Endi esa o‘sha tosh qimmatbaholigi, narxi esa 100 ming dollar ekani aniqlangan.

Devid Mazurek ismli erkakning hikoya qilishicha, og‘irligi 10 kilocha keladigan toshga u 1988 yilda fermani sotib olganida duch kelgan. Fermaning oldingi egasi bu tosh 1930-yillarda meteorit yomg‘iri chog‘ida osmondan tushganini aytgan. Biroq yangi egasi bunga zarracha ahamiyat bermagan va toshdan xo‘jalik maqsadlarida foydalanib yuravergan.

Yaqinda Devid meteoritlarning arzimas parchalarini ham Internetda mo‘may pulga sotish mumkinligini eshitib qoladi. Shunda u mutaxassislarga uchrashadi.

Markaziy Michigan universiteti geologi Mona Sibesku toshni sinchiklab o‘rganib, bu tosh o‘zi shu paytgacha o‘rganganlari va uchratganlari ichida eng noyobi va qimmatlisi ekanini aytgan. Meteorit 88 foiz temir va 12 foiz Yer sirtida juda kamyob metall — nikel qotishmasidan iborat ekan.

Mazurek topilmani sotishni, mablag‘ning bir qismini esa toshni baholashda ko‘maklashgan universitetga xayriya qilishni mo‘ljallamoqda.

Mavzuga oid