12 mart kuni Michigan shtati, Oklend okrugidagi Uest-Blumfild shaharchasida joylashgan sinagog yonida otishma ro‘y berdi.
Oklend okrugi sherifi Maykl Bushar jurnalistlarga ma’lum qilishicha, hujum qilgan shaxs halok bo‘lgan, sinagog qo‘riqchisi jarohat olgan.
Gumonlanuvchi o‘z boshqaruvidagi yuk mashinasida Uest-Blumfild shahridagi Temple Israel sinagogiga bostirib kirgan va vestibyul tomon harakatlanib, qo‘riqchilardan birini urib ketgan – u hushidan ketgan. Ikkinchi qo‘riqchi esa unga qarata o‘t ochgan.
Sherifning aytishicha, avtomobil yonib ketgan. OAVda e’lon qilingan videolarda sinagog tomidagi ventilyatsiya quvurlaridan chiqayotgan quyuq tutunni ko‘rish mumkin.
Uest-Blumfild Detroyt yaqinida joylashgan shaharcha. Temple Israel – AQShdagi eng yirik reformistik sinagoglardan biri hisoblanadi. Uning binosi joylashgan kompleksda bolalar bog‘chasi ham bo‘lib, hodisa vaqtida u yerdagi o‘nlab bolalar evakuatsiya qilingan.

Ichki xavfsizlik vazirligi gumonlanuvchi Livanda tug‘ilgan va 2011 yilda AQShga kelib fuqarolik olgan 41 yoshli Ayman Muhammad G‘azaliy ekanini ma’lum qildi.
Sherifning so‘zlariga ko‘ra, 30 nafar politsiyachi is gazidan zaharlanish oqibatida shifoxonaga yotqizilgan. U yong‘in sababi tekshirilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Politsiya gumonlanuvchi qanday halok bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Sherifning aytishicha, avtomobil yonib ketgani tufayli uning o‘limi sababini aniqlash qiyin.
«Ayni vaqtda biz uning o‘limiga aynan nima sabab bo‘lganini aytishimiz qiyin. Ammo xavfsizlik xizmati xodimi gumonlanuvchiga qarata o‘t ochgan», – deydi Bushar.
U politsiyachilar «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» avtomobilda portlovchi qurilma bor yoki yo‘qligini tekshirishganini qo‘shimcha qilgan.
Hodisa joyiga shtat huquq-tartibot organlari xodimlari va mahalliy rasmiylar, shuningdek, Federal qidiruv byurosi agentlari yetib kelishgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Oq uydagi marosimda chiqish qilaturib, «Michigandagi yahudiylar jamoasiga va Detroytning barcha aholisiga o‘z muhabbatini izhor qilmoqchiligi»ni aytdi. «Bu dahshatli», – deydi u.
















