Las-Vegasda UFC’ning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni irlandiyalik Konor Makgregor va tashkilotning yengil vazn toifasidagi chempioni rossiyalik Xabib Nurmagomedov o‘rtasida UFC 229 musobaqasi doirasida kechgan jangda rossiyalik sportchi g‘alaba qozondi.

Foto: TASS/AP

Dastlab qafas ichiga «The Foggy Dew» qo‘shig‘i sadolari ostida irlandiyalik sportchi kirib keldi, Nurmagomedov esa «Moy Dagestan» qo‘shig‘i bilan chiqdi. Tribunadagilarning aksariyati Makgregorni qo‘llab-quvvatlashayotgandi.

Birinchi raundda tomonlar bir-birini o‘rganishdi, muxlislar hushtakbozlik qila boshlashdi. Ikkinchi raundda Nurmagomedov ketma-ket zarbalar berib, Makgregorni yiqitib olib, uni qiynay boshladi. Irlandiyalik sportchidan qon oqa boshladi.

Uchinchi raundda ham Makgregor sust harakatlandi, Nurmagomedov faollikni davom ettirdi.