Oktyabr oyi boshida Interpol rahbari, 64 yoshli Men Xunvey 29 sentabr kuni Xitoyga jo‘nab ketgach, bedarak yo‘qolgani haqida xabar tarqaldi. Keyinroq esa uning Pekinda hibsga olingani va tergov qilinayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: AP
Tafsilotlarga o‘tishdan oldin Interpol tarixiga nazar tashlasak. Interpol (International Criminal Police Organization–INTERPOL) – xalqaro jinoyat qidiruv politsiyasi tashkiloti bo‘lib, umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashadigan dunyodagi eng yirik xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Tashkilot bosh qarorgohi Fransiyaning Lion shahrida joylashgan va Interpolga 192 davlat a'zo bo‘lgan.
Qachon tashkil etilgan
Xalqaro jinoyat qidiruv politsiyasi tashkilotini tuzish g‘oyasi 1914 yilda Monakoda bo‘lib o‘tgan jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro kongressida paydo bo‘lgan. O‘n to‘rt mamlakatning yurist va politsiya xodimlari xalqaro jinoyatchilik bo‘yicha ma'lumotlar yurituvchi bo‘lim tashkil qilish va jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish jarayonlarini umumlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishgan.
1923 yilda ikkinchi bor bo‘lib o‘tgan jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro kongressida bu g‘oya amalga tatbiq etilgan va markazi Avstriyaning Vena shahrida bo‘lgan xalqaro jinoyat qidiruv politsiyasi komissiyasi (International Criminal Police Commission, ICPC) tuzilgan.
1938 yilda Avstriyaning fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olinishi va bosh qarorgohining Berlinga ko‘chirilishi sababli tashkilot faoliyatini to‘xtatgan.
Tashkilot 1946 yilda Belgiya hukumati tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan. Uning bosh qarorgohi Parijda joylashgan. INTERPOL (international police) atamasi ham o‘shanda paydo bo‘lgan.
1956 yilda Interpolning hozirgi nomi va nizomi qabul qilingan. 1989 yilda tashkilot bosh qarorgohi Lion shahriga ko‘chirilgan.
Nima bilan shug‘ullanadi
Interpol mavjud qonunchilik va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi doirasida faoliyat yuritayotgan jinoyat politsiyasi barcha organlarining o‘zaro hamkorligini (hattoki ayrim davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilmagan bo‘lsa ham) ta'minlaydi.














